Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan birga 30 sentyabr kuni Agradagi Toj Mahal majmuasiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Prezidentimiz Hindistonga davlat tashrifini ushbu tarixiy obidadan boshlagani bejiz emas. Boburiylar merosi boʻlgan ushbu yodgorlik oʻzbek va hind xalqlarining tarixi mushtarakligi, ikki mamlakat aloqalari mustahkam asosga ega ekani ifodasidir.
Maʼlumki, Zahiriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari Hindistonda ulkan maqbaralar, qalʼalar, shaharlar bunyod etgan. Savdo, ilm-fan, madaniyat, meʼmorchilikni rivojlantirgan. Toj Mahalni ham Bobur bobomizning avlodi Shoh Jahon qurdirgan.
Uning meʼmoriy yechimi shunchalik murakkab va noyob boʻlganki, minglab quruvchilar tomonidan 20 yildan ziyod vaqt davomida barpo etilgan. Maqbara va minoralarning hamma joyi oq marmar bilan qoplangan. Yodgorlik yurtimizdagidek naqshlar va Qurʼon suralari bilan bezatilgan.
Toj Mahal dunyoning yetti moʻjizasidan biri sanaladi. 1983 yilda YUNYeSKOning jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Bu tarixiy obida hamon goʻzalligi va muhtashamligi bilan butun dunyo sayyohlarini oʻziga jalb etadi. Bu yerga har yili qariyb 5 million turist keladi. Toj Mahal Hindistonning turizm salohiyati, ayniqsa, agraliklar hayotida muhim oʻrin tutadi.
Maqbara ziyorati chogʻida Qurʼon tilovat qilindi.
Hindistonlik rasmiylar bilan muloqotda Prezidentimiz Oʻzbekistonda ham qadimiy obidalar, muqaddas ziyoratgohlar koʻpligi, ikki mamlakat oʻrtasida sayyohlar bordi-keldisini kengaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev majmuaning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Davlatimiz rahbari Nyu-Dehli shahriga joʻnab ketdi.