Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon joriy yil 2-3 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki birodar mamlakat yetakchilarining muzokaralari kun tartibidan Oʻzbekiston-Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor sohalarida amaliy saʼy-harakatlarni kengaytirish masalalari oʻrin olgan.
Savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, energetika va boshqa tarmoqlarda qoʻshma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda anʼanaviy yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishlari koʻzda tutilgan.
Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlar toʻplami imzolanishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlash lozimki, oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida joriy yil 30 may kuni Dushanbe shahrida ikki mamlakat bosh vazirlari raisligida oʻtkazilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 9-yigʻilishi samarali boʻldi.
Ertaga, sammit arafasida, Toshkent shahrida yetakchi korxonalar ishtirokida biznes-forum hamda Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi strategik sheriklikni izchil kengaytirish va uning katta salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalariga bagʻishlangan ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtadi.