TOJMAHAL QURIB BERING DESAK BOʻLARKAN…

0
30
marta koʻrilgan.

Yurtlar tarixi, vatanlar kechmishi uning asl farzandlari nomi bilan yoziladi.  Farzandlari dono, jasur mamlakatlarning qoʻli uzun, dovrugʻi baland boʻladi.  Shoir, yozuvchi, dramaturg, jurnalist, arbob Erkin Samandar tugʻilgan yurti Xorazmni oʻz asarlarida ulugʻlagan, bor mehrini xalqining saodati uchun bagʻishlagan inson edi. Romanlari, dramalari, sheʼrlari, maqolalarini oʻqigan har kim Xorazm nafasini his qilishi tabiiy. Shoir “Xorazm farzandiman” deb aytishga ming bora haqli edi.

Saksoninchi yillarning oxirida oʻn toʻrt nafar kishilardan iborat prezident maslahatchisi lavozimi tayinlandi.  El tanigan, hurmatli kishilar safida Erkin Samandarov ham borligi ijod ahlini sevintirdi.

Oʻsha yillar negadir  Navoiy nomi bilan ataluvchi yosh viloyatni tugatishga qaror qilindi. Viloyat oʻz oʻrnida qolishini yoqlovchilar tashabbuskor guruh tuzib olishdi. Ancha urinishib, prezident qabuliga kira olmadilar. Kimningdir esiga men tushdim. Kelib, yorlam soʻrashdi. Yoʻlini ham oʻrgatishdi:

— Siz shoirsiz, barcha ijodkorlar bir – birlaringizni taniysizlar. Bizning vakillarimizni prezident maslahatchisi Erkin Samandarov qabul qilsinlar.

— Viloyatni saqlab qolish u kishining qoʻllaridan kelmasa kerak….

— Keladi! U kishini rahmdil, xalqparvar, jiddiy kishi deb bilamiz.

 Men oʻsha paytda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyat boʻlimining rahbari edim.  Ularning gapiga koʻndim. Qoʻngʻiroq qilib, navoiyliklarning fikrini tushuntirdim. Odamlarimiz Sizga ishonishyapti, dedim. Qarangki, oʻzimiz ham ishonmayroq turganimizda, Erkin aka ularga qabul kunini belgiladilar. Viloyatning istiqbolini aniq tushuntira oladigan uch kishini qabul qildilar va uzoq, batafsil suhbatlashdilar. Nihoyat, Navoiy viloyati qayta tuzilganligi haqida prezident qarori eʼlon qilindi!

Erkin Samandarov katta yozuvchi boʻlgani uchun bizning dardlarimizni toʻgʻri tushundi va prezidentga dalillab berdi, deb olqishladi guruh aʼzolari. Hazil aralash, “Navoiyga Tojmahal qurib bering” desak ham boʻlarkan, deb yurishdi.

Erkin Samandarning nurli, eʼzozli umri qatlarida xalqiga muhabbati, ijodga sadoqati, hamisha uygʻoq qalbning mashaqqatli mehnatlari yotibdi. U kishining nurli, halol, jiddiy qiyofasi muxlislari dilida barhayot yashaydi..

Xosiyat Bobomurodova, shoira,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi,  “Mehnat shuhrati” va  El- yurt hurmati” ordenlari sohibasi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.