Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri, Tokio-2020dagi Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov va MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, delegatsiyamiz uchun yaratib berilgan barcha sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
Oʻrganish ishlari dastavval koʻchadan boshlandi. Unda vakillarimiz istiqomat qilayotgan qavatlarning tashqi tomondan qanday bezatilgani, ichkarida esa Oʻzbekistonning turistik salohiyatini aks ettiruvchi koʻrgazmali bannerlar koʻrib chiqildi. Mutasaddilar tashrifi Marat Qurbonov boshchiligidagi bokschilarimizning mashgʻulotiga toʻgʻri keldi. Ular charm qoʻlqop ustalari bilan suhbatda boʻlajak musobaqa oldidan oʻzlarining iliq tilaklarini bildirib oʻtishdi.
Taʼkidlash joiz, mutasaddilarga tashrif davomida MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Saken Polatov, Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov hamrohlik qildilar.
Shundan soʻng ular yuqori qavatdan joy olgan Oʻzbekiston delegatsiyasining shtabiga koʻtarilishdi. U yerda shtab aʼzolari bilan suhbatlashib, ularning faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, jamoamizning tibbiyot markazi olib borayotgan ish ham yaqindan oʻrganildi. Shifokorlarimiz Aziz Abduhakimov boshchiligidagi mutasaddilarga nafaqat sportchilarimiz, balki delegatsiyamiz tarkibidagi boshqa vakillarining salomatligi, ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida yaqindan gapirib berishdi. Belgilanganidek, har bir delegatsiya aʼzosidan kunlik PZR testlari olinmoqda va ular barchasi manfiy koʻrsatkich bermoqda. Oʻz navbatida delegatsiya rahbariyati tomonidan atletlarimizning salomatligini asrash, jarayonni yanada kuchli nazoratga olish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalar berib oʻtildi.
Mutasaddilar shtab aʼzolari bilan alohida uchrashuv tashkil etilib, tashkiliy masalalar boʻyicha Yaponiya tajribasini chuqur oʻrganish, undan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo oʻyinlari davomida samarali foydalanish, Olimpiya obyektlari loyihasining arxitektorlari bilan uchrashuvlar tashkil qilish, zamonaviy sport inshootlarini yurtimizda qurish, unda kamxarj va tejamkor materiallardan foydalanishni oʻrganish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.
Tashrif davomida mutasaddilar sportchilarimiz yashayotgan xonalarda ham boʻlib, ular uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrganishdi. Bu jarayon taekvondochilarimiz Nigora Tursunqulova hamda Svetlana Osipova istiqomat qilayotgan nomerlar misolida boʻldi.
Keyinchalik Olimpiya shaharchasining oshxonasi ham koʻzdan kechirildi. Unda atletlar uchun tayyorlanayotgan ovqatlarning turlari, ularning kaloriyalari haqida mutaxassislar tomonidan maʼlumot berildi. Xulosa qilib aytganda, bu Aziz Abduhakimov va Muhsinxoʻja Abdurahmonov tomonidan amalga oshirilgan katta tashrif boʻlib, unda mutasaddilar Olimpiya shaharchasi bilan toʻliqligicha tanishib chiqdilar.
Manbaa: Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi sayti