Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Omilkorlik va tarkibiy oʻzgarishlar tufayli qishloq xoʻjaligi maydonlaridan moʻl hosil olinmoqda. Shu bilan birga, boshqa yerlarni ham “iqtisodiy aktiv”ga aylantirish, odamlarni ishli qilib, daromadini oshirish choralari koʻrilayapti.
Masalan, 5 milliondan ziyod xonadonda 508 ming gektar tomorqa, avval tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklarida 17 ming gektar va soʻnggi yillarda aholiga tarqatilgan 260 ming gektar yer bor. Bu oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda eng katta zaxira.
Oʻtgan 7 yilda tomorqa egalari va dehqon xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash uchun jami 2,3 trillion soʻm imtiyozli kredit va 265 milliard soʻmlik subsidiya berilgan. Odamlarning koʻnikmasidan kelib chiqib, 5 ming 145 ta mahalla meva-sabzavot yetishtirish, koʻkatchilik, limonchilik kabi yoʻnalishlarga ixtisoslashtirilgan.
Eng asosiysi, odamlar yerga ishlashni, zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllashni yaxshi oʻrgandi. Ilgari tomorqada gektaridan oʻrtacha 18 tonna mahsulot olingan boʻlsa, hozirda bu 2 karra oshib, 38 tonnaga yetdi.
Mahallalarda qoʻshimcha 470 ming tonna meva-sabzavotni saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlari yaratildi. Bu borada yaxshi tajriba yaratgan tuman va mahallalar juda koʻp. Asaka, Jondor, Shahrisabz, Uychi, Qiziltepa, Yangiyoʻl, Toyloq, Angor, Quva, Oltiariq kabi oʻnlab tumanlarda odamlar tomorqadan 2-3 marta hosil olib, bir sotixdan oʻrtacha 15-20 million soʻm daromad topayapti.
Bunday ishlarni boshqa joylarda ham rivojlantirish uchun aholi, qayta ishlovchilar va eksportchilarning takliflari oʻrganildi.
Masalan, samarqandlik bogʻbonlar uzum koʻchatini shpalerga oʻtkazish uchun subsidiya berishni soʻragan. Bunday usulda hosil 2 karra oshadi. Bu qoʻllab-quvvatlanib, har bir shpaler uchun 15 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladigan boʻldi. Shuningdek, mayizni osma usulda quritish uskunalari uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida imtiyozli kredit berilishi aytildi.
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi Tasmasoy mahallasida 875 ta xonadon tomorqasida sitrus meva koʻchati va limon yetishtirib, har biri yiliga 200 million soʻmgacha daromad olayapti. Sariosiyo va Oltinsoydagi mingdan ziyod xonadonlar ham “handak” va “termos” usulida limon yetishtirish tashabbusini bildirgan.
Yangiyoʻllik dehqonlar ham oʻzimizning koʻkat urugʻlari yoʻqolib ketgani, sifatli nav yetishmasligini aytgan. Bular boʻyicha vaziyatni oʻnglash, aholi tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish, ularning hisobini yuritish va moliyalashtirish boʻyicha yangi tashabbuslarni maʼlum qildi.
Dehqon xoʻjaliklari va tomorqani rivojlantirish boʻyicha alohida kengash tuziladi. U aholini oʻqitishdan tortib, urugʻ, koʻchat yetkazish, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga chiqarish zanjirini yaratish bilan tizimli shugʻullanadi.
Mazkur kengash boshqaradigan “Uzagrostar” xolding kompaniyasi tashkil etiladi. Ushbu xolding tarkibida meva-sabzavotchilik yoʻnalishlariga ixtisoslashgan 15 ta kompaniya ochiladi. Ushbu kompaniyalar meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha oʻz brendini yaratgan 15 ta drayver tumanni yangi bosqichga olib chiqib, ularning tajribasini yana 72 ta tumanda ommalashtiradi.
Har bir kompaniyaga byudjetdan 20 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi. Tomorqa kengashida alohida jamgʻarma tashkil qilinib, dastlabki bosqichda 260 milliard soʻm pul va 1,2 trillion soʻmlik kredit portfeli beriladi.
Buning hisobiga 15 ta kompaniya biriktirilgan tumanlardagi ixtisoslashgan mahallalar aholisini oʻziga mijoz qilib, mablagʻ bilan taʼminlaydi. Tomorqada hosilni koʻpaytirish uchun chetdan yangi texnologiya va ekspertlar olib keladi. Xonadonlarga hosildor urugʻ va koʻchat, sifatli oʻgʻit yetkazish, agrotexnik xizmatlar koʻrsatish, mahsulotini qayta ishlash, saqlash va eksport qilishda koʻmaklashadigan tizim tashkil etiladi.
Urugʻchilik institutlari bilan hamkorlik rivojlantiriladi. Tanlab olingan tumanlarda “yashil” issiqxonalar tashkil etilib, namuna qilinadi.
Umuman, aholi tomorqasida oziq-ovqat yetishtirishni moliyalashtirish uchun qariyb 5 trillion soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi.
Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa egalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Jumladan, mahalla va xonadonlarda muzlatkich, qadoqlash, quritish, qayta ishlash omborlari va issiqxonalar qurilib, aholiga 5 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan tayyor holda beriladi. Tomorqa xizmatlarini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 7 yil muddatga 17,5 foizli imtiyozli kredit ajratiladi. Aholi va dehqonlarning eng namunali loyihalari uchun har yili 20 milliard soʻmlik grantlar eʼlon qilinadi. Bunda 500 ta mahalladagi eng zoʻr loyihaga 40 million soʻmdan grant beriladi.
Shu bilan birga, mahallada eksportbop mahsulot yetishtirishni yoʻlga qoʻyib bergan usta-dehqonlarga 100 million soʻmgacha, qisqa muddatli oʻquv kursini tashkil qilganlarga 5,5 million soʻm subsidiya ajratiladi. Suv taʼminoti ogʻir joylarda yomgʻir suvini toʻplash va saqlash sigʻimini qurish xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Yana bir yangilik – Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash loyihalariga kredit ajratishda garov talab qilinmaydi. Bunda sugʻurta polisining oʻzi yetarli boʻladi. Dehqonlarga ortiqcha hujjatlarsiz imtiyozli kredit beriladi.
Tomorqa va dehqon xoʻjaligi yerlari, ularda yetishtirilgan mahsulot hisobini yuritish boʻyicha ham yangicha tizim boʻladi. Buning uchun yil yakunigacha tomorqalar va ekin yerlari alohida tasniflanadi. Ularda nima ekilgani “onlayn mahalla” platformasiga kiritiladi.
Yerdan samarali foydalanib, bir sotixda 5 million soʻmdan yuqori rasmiy daromad olayotgan dehqonlarga yer soligʻining 90 foizi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Aksincha, tomorqasiga ekin ekmaganlardan yer soligʻi oshirilgan miqdorda undiriladi.
Hozir bu sohada “raqamli bozor” boʻlmagani uchun dehqonlar meva-sabzavotiga xaridor, qayta ishlovchi va eksportchilar esa mahsulot qidirib yuribdi. Shu bois ularni oʻzaro bogʻlaydigan “market pleys” ishga tushiriladi.
Oxirgi uch yilda 260 ming gektar yer aholiga boʻlib berilgan edi. Endi bu takomillashtirilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Toshkent viloyatida boʻsh turgan 3 ming 300 gektar yer tajriba tariqasida yangicha tartibda ijaraga beriladi. Bunda, konturlar 3 gektardan 50 gektargacha yaxlit holda savdoga qoʻyilib, 49 yilga ijaraga beriladi.
Eng muhimi, bu yerlar tuproq tarkibi va sifati tahlili, kafolatli suv limitini eng past va eng yuqori chegaralari koʻrsatilgan holda auksionga qoʻyiladi. Bunda, nafaqat shu hududdagi, balki boshqa viloyatdagi tadbirkorlar ham qatnashib, yer olishi mumkin boʻladi. Auksion boshlangʻich narxni pasaytirib borish va bir yoʻla toʻlash sharti bilan oʻtkaziladi. U yerlarning bir qismiga saqlash va qadoqlash quvvatlari qurishga ham ruxsat beriladi.
Kelgusi yildan qishloq xoʻjaligi yerlari uchun soliq hisoblash tartibi ham oʻzgaradi. Ijaraga berilgan yerning ball-boniteti oshsa, toʻlanadigan soliq oʻzgarmaydi, aksincha tushib ketsa, soliq stavkasi 3 karra oshadi.
Yurtimizda eng koʻp isteʼmol qilinadigan mahsulotlardan biri kartoshkadir. 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanayapti. Negaki nav va hosildorlik yaxshi emas.
Shu bois Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 million dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasi qoʻyildi.
Bu yil kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Chetdan olib kelinadigan urugʻlik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi. 2027 yildan kartoshkaga ehtiyoj toʻliq ichki imkoniyat hisobidan qoplanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahsulot yetishtirish va qayta ishlash uchun texnikalar yetkazib berish, dehqonlarga qulay lizing mahsulotlari taqdim etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari hududlardagi usta dehqonlar va tomorqa egalari bilan muloqot qildi. Ulardan biri – hovlisidagi issiqxonada yiliga 4 marta hosil olib, yuqori daromad topayotgan qoraqalpogʻistonlik Genjimurat Turdimuratov “Doʻstlik” ordeniga loyiq koʻrildi.
Mutasaddilar va bank rahbarlari ushbu yangi tashabbuslarni joriy qilish, 1 million 500 ming aholi bandligini taʼminlash masalalari boʻyicha axborot berdi.