Toʻpalang GESdagi modernizatsiya ishlari koʻzdan kechirildi

0
62
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatidagi Toʻpalang gidroelektr stansiyasiga borib, modernizatsiya ishlarini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimiz ham iqtisodiy, ham aholi soni jihatidan oʻsib, energetika quvvatlariga talab yildan-yilga ortmoqda. Buni taʼminlash maqsadida davlatimiz tomonidan barcha manbalar ishga solinmoqda. Jumladan, gidroenergetikani rivojlantirishga katta urgʻu berilayapti. Soʻnggi yillarda 19 ta yangi gidro elektr stansiya barpo etildi, 13 tasi modernizatsiya qilindi.

Ulardan eng muhimi Toʻpalang gidroelektr stansiyasidir. U 2006 yilda ishga tushirilgan paytda jami 30 megavatt quvvatli ikkita agregat boʻlardi.

Davlatimiz rahbari 2019 yil aprelda bu yerga tashrif buyurib, yana ikkita gidroagregat qurish yuzasidan topshiriq bergan edi. Avvaliga suv ombori toʻgʻoni qoʻshimcha 20 metrga koʻtarildi. Natijada uning sigʻimi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida qurilish-montaj ishlari olib borilib, jami quvvati 145 megavattli ikkita agregat oʻrnatildi.

Shu tariqa, Toʻpalang GESining umumiy quvvati 175 megavattga yetib, Chorvoq GESidan keyin mamlakatimizdagi ikkinchi yirik stansiyaga aylandi.

Samaradorligini aytganda, bu yerda yiliga qoʻshimcha 467 million kilovatt/soat elektr quvvati yaratildi. Qariyb 167 mingta xonadonning elektr taʼminoti yaxshilandi. Bu yiliga oʻrtacha 107 million metr kub tabiiy gaz tejaladi, deganidir.

Prezidentimiz shu yil martda Surxondaryo viloyatiga kelganida Toʻpalang gidro elektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi foydalanishga topshirilgan edi. Bu galgi tashrif chogʻida ish jarayoni bilan yaqindan tanishildi.

Shu yerda Toʻpalang daryosi negizida gidro energetika quvvatlarini oshirish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Unga koʻra, kelgusi yillarda daryoning yuqori qismida qurish uchun 20 ta istiqbolli loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy quvvati 264 megavatt boʻlishi moʻljallangan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni kengaytirib, har bir soy, imkoniyati bor har bir mahallada mikro GESlar barpo etish mumkinligini taʼkidladi.

Shuningdek, Surxondaryoda koʻmir qazib olish imkoniyatlari boʻyicha axborot berildi. Qayd etilganidek, hududda 82 million tonna koʻmir zaxirasi aniqlangan. Bugungi kunda 541 ming tonna qazib olinmoqda. Bu hajmni 2 million tonnaga yetkazish, mutaxassislar tayyorlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.