Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 aprel kuni toʻqimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Toʻqimachilik barcha hududlarimizda keng tarqalgan va aholini eng koʻp band qilgan salohiyatli sanoat tarmogʻidir. Bugungi kunda 6 mingdan ziyod korxonada 570 ming kishi ish bilan taʼminlangan.
Soʻnggi yillarda investitsiyalar va yangi texnologiyalar faol jalb etilgani tufayli sohada natijadorlik jadal oshgan. Masalan, oʻtgan yili 8 milliard 200 million dollarlik toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu koʻrsatkich 7 yil oldingiga nisbatan 4,2 baravar koʻp.
Shuningdek, 2023 yilda tarmoqdagi eksport 3,1 milliard dollar boʻldi. Bu yil yana uchta yangi bozorlarga chiqilib, eksport geografiyasi 83 ta davlatga yetdi.
Biroq uning tarkibi tahlil qilinsa, muayyan kamchiliklar ham koʻzga tashlanadi. Masalan, tayyor tovarlar eksportida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushi kam. Eksportning qariyb 80 foizi anʼanaviy bozorlarga toʻgʻri kelayapti. Yevropaga eksport hajmi kutilganidek emas.
Rivojlangan davlatlar bozoriga yoki brendlarga eksport hajmini oshirish uchun xalqaro standart va sertifikat talab etiladi. Lekin bizdagi atigi 175 ta korxona bunday talablarga javob beradi. 18 ta tumanda toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yillik hajmi 1 million dollarga ham yetmaydi.
Yigʻilishda shu kabi tahlillar asosida tarmoqdagi ulkan imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.
“Boston Consulting Group” xulosasiga koʻra, bizdagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish oʻrni yaratish imkoniyati bor.
Masalan, yurtimizda 1 kilogramm ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan oʻrtacha 28 foiz arzon. Bu – tayyor mahsulotni koʻpaytirish va raqobat uchun juda katta imkoniyat.
Moliyaviy qoʻllab-quvvatlov ham bor. Oʻtgan yil boshida gazlama, boʻyash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotaj loyihalari uchun 50 million dollar resurs ajratilgan. Bu mablagʻ ishlatilganidan keyin, yana 100 million dollar yoʻnaltirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, hududlarda loyihalarni va ish oʻrinlarini koʻpaytirish kerakligini taʼkidladi.
– Bu sohada yagona toʻgʻri yoʻlimiz – mavjud xomashyoni toʻliq qayta ishlash orqali yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish va anʼanaviy arzon bozorlardan, yangi bozorlarga kirib borish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ishlab chiqarishning qulay yoʻllaridan biri – yirik korxonalar filiallarini mahallalarda ochish. Masalan, Samarqand shahridagi “Zarafshon tekstil” fabrikasi 11 ta hududiy filial ochgan. Buning afzalligi shundaki, ortiqcha vaqt va xarajat qilib, yangidan standart joriy qilish yoki sertifikat olish shart emas. Shu bois bu amaliyotni kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Toʻqimachilik korxonalari uchun eng muhim masalalardan biri bu – xomashyo. Mamlakatimizda 1 million 300 ming tonna tolani qayta ishlash quvvati bor. Lekin hozirda 1 million tonnaga yaqin tola tayyorlanmoqda. Shu bois paxta yetishtirish tannarxini kamaytirish va hosildorlikni oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Paxta-toʻqimachilik klasterlarining faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtildi. Ularning barqaror faoliyatini taʼminlash boʻyicha takliflar muhokama qilindi.
Videoselektor yigʻilishida 100 dan ortiq tadbirkorlar ishtirok etdi. Prezidentimiz ular bilan muloqot qildi.
Tadbirkorlar toʻqimachilik korxonalari qurish, qoʻshilgan qiymat soligʻini bir kunda qaytarish amaliyotini kengaytirish, eksportoldi kreditlar olishni soddalashtirish, arzon moliyaviy resurslar ajratish, milliy mahsulotlarni ommalashtirish boʻyicha muammo va takliflarini aytdi.
Mutasaddilarga bu masalalarni chuqur oʻrganib, amaliyotga joriy etish, zarur boʻlsa, qonunchilikni takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.
Sohani kompleks rivojlantirishda “Oʻztoʻqimachiliksanoati” uyushmasi muhim oʻrin tutadi. Shu bois endi uni toʻqimachilikning har bir yoʻnalishidagi tadbirkorlardan iborat Kengash boshqaradi. Har bir viloyat boʻyicha uning vakillari saylanadi. Uyushma xodimlari klasterlar va toʻqimachilik korxonalariga ishlab chiqarish, investitsiya, eksport va ish oʻrinlarini koʻpaytirishga koʻmaklashadi.
Brendlar bilan ishlab, xalqaro sertifikatga ega eksportchilar sonini oshirish, Yevropa davlatlarida keng qamrovli targʻibot tadbirlarini oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Klasterlarda ilm-fan va amaliyot uygʻunligini taʼminlash maqsadida tadqiqot va rivojlanish (R&D) guruhlarini tashkil qilish taklifi bildirildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.