Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti hamkorligida qoʻshma taʼlim dasturi ochildi

0
369
marta koʻrilgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Finlyandiyaning Turku amaliy fanlar universiteti bilan hamkorligida «Axborot texnologiyalar va tadbirkorlik» bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturining ochilish marosimi onlayn shaklda boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov,  mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari, Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsuli Alisher Joʻrayev, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati  va Turku amaliy fanlar universiteti rektori Vesa Taatila,  Yevropaning eng yirik innovator tadbirkori Piter Vasterbaka  hamda «Finest Future» vakillari ishtirok etishdi.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi koʻmagida mamlakatimizda taʼlim sohasida dunyoning yetakchi va ilgʻor tajribaga ega universitetlari bilan yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

Finlyandiya taʼlimi va innovatsiyasi gʻoyalarini yurtimiz oliy taʼlim dasturlariga tadbiq etish vazifalari shular jumlasidandir.  Hozirda Finlyandiyaning Oʻzbekistondagi faxriy konsulligi va ushbu mamlakatning «Finest Future» kompaniyasi bilan hamkorlikda  axborot-kommunikatsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yirik loyihalarga start berilgan.  Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ushbu loyihalarda ilk hamkor oliy taʼlim muassasasi sifatida ishtirok etmoqda.

Dasturning oʻziga xosligi shundan iboratki, unda talabalar 1+3 shaklida taʼlim oladilar. Talabalarga, shuningdek, Finlyandiya kompaniyalariga ishga joylashish imkoniyati beriladi. Yaʼni, dastur ishtirokchilari dastlabki 1 yilni Oʻzbekistonda va keyingi 3 yilni Finlyandiyada oʻtkazadilar. Shuningdek, dastur ishtirokchilari  Finlyandiyaning yirik AKT kompaniyalari va startaplarida amaliyot oʻtashadi.

Dastlabki kelishuvlarga koʻra, qoʻshma taʼlim dasturi bakalavriat bosqichida «Axborot texnologiyalari va tadbirkolik» hamda «Biznes axborot texnologiyalari va tadbirkorlik» taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha talabalarni qabul qilishi rejalashtirilgan.

Loyiha Yevropaning eng yirik innovator tadbirkori Piter Vasterbaka yetakchiligida amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyiha orqali oʻzbekistonlik talabalar eng yaxshi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan holda Finlyandiyadan yangi gʻoyalar va tajribalarni egallab yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadilar.

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi hukumat  portali

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.