Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida yoshlar sport festivali

0
305
marta koʻrilgan.

Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida yoshlar sport festivali boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, TDIU bilan hamkorlikda tashkil etilib, yoshlarni sportga keng jalb etish va ommaviy sportni talabalar orasida targʻib qilish bosh gʻoya sifatida olib chiqildi.

Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov, TDIU rahbariyati, yulduz sportchilarimiz, OAV vakillari va minglab talabalar ishtirok etishdi.

TDIUda turli yillarda Dmitriy Shokin, Rishod Sobirov, Abdullo Tangriyev, Mirjalol Qosimov, Iroda Toʻlaganova, Svetlana Radzivil, Islom Toʻxtaxoʻjayev kabi koʻplab xalqaro musobaqalar, jahon chempionati va Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilarimiz taxsil olishgan. Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ham bu jihatga alohida urgʻu berib gapirdi.

Mazkur festival mini-futbol, stol tennisi, boks va shaxmat sport turlari boʻyicha tashkil etildi. Keskin va murosasiz kechgan bellashuvlar yakunida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar tashkilotchilarning qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, tadbirda futbol boʻyicha ayollar olimpiya terma jamoasi, Olimpiya oʻyinlari va jahon chempioni Muhammadqodir Abdullayev, boks boʻyicha jahon chempioni va Olimpiya oʻyinlari sovrindori Oʻtkirbek Haydarov, Osiyo oʻyinlari gʻolibi Bekzod Xidirov, professional boks boʻyicha “WBS Silver” kamar sohibi Qudratillo Abduqahhorov, stol tennisi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Saida Mahmudova kabi sportimiz yulduzlarining ishtiroki va ular ijrosida tashkil etilgan master-klass yigʻilgan muxlislarda bir olam taassurot qoldirdi.

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, argentinalik jahonga mashhur mutaxassis Ektor Kuper festival ishtirokchilarini qutlar ekan, bu kabi tadbirlar ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish va sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda beqiyos ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.