Bu ulkan loyihani loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan edi. Qurilishning borishi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʻldi. Shu kunlarda yerusti halqa metrosining birinchi bosqichi bitkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, jamoatchilik vakillari bilan birga poyezdda yurdi.
«Doʻstlik-2» bekatidan «Qoʻyliq» bekatigacha boʻlgan mazkur yoʻnalish uzunligi 11 kilometr boʻlib, 7 ta bekat barpo etilgan. Birinchi bekatdan oxirgisigacha 19 daqiqada yetib olish mumkin. Bu masofada har biri 4 ta vagondan iborat 4 ta poyezd qatnaydi. Ushbu yoʻnalish kuniga 46 ming yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega.
Bekatlar milliy kolorit asosida, oʻziga xos dizaynda qurilgan. Ular yoʻlovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yoʻl kira haqini elektron toʻlash imkonini beruvchi turniketlar, eskalator bilan jihozlangan. 225 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.
«Qoʻyliq» bekatida keyingi bosqichlar qurilishi boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Yerusti halqa metrosi loyihasining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod boʻlib, beshta bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda Qoʻyliq bozori bilan Toshkent yerosti metrosining “Olmazor” bekati bogʻlanadi. Uchinchi boʻlib “Beruniy”, undan keyin “Bodomzor” bekatigacha boʻlgan qism quriladi. Soʻnggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana “Doʻstlik” bekatiga ulanadi. Bu yoʻllarning jami uzunligi qariyb 55 kilometr, bekatlar 35 ta boʻladi.