Toshkent yerusti metrosining ilk bekatlari bitdi

0
273
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropoliteni Sergeli yoʻnalishining qurilishi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 29 noyabrdagi qaroriga muvofiq barpo etilayotgan bu yoʻl poytaxtimiz transport kommunikatsiyasining yana bir muhim tarmogʻidir. Loyihaning umumiy qiymati 82,6 million dollar boʻlib, 7 kilometr temir yoʻl va 6 ta bekat qurilishi belgilangan. Sergeli yoʻnalishi Chilonzor liniyasining «Olmazor» bekatiga ulanadi.

Shu tariqa katta aholiga ega Sergeli tumani shahar markazi va boshqa tumanlari bilan yana bir transport vositasi orqali bogʻlanadi. Jumladan, Sergelidan metroga oʻtirgan yoʻlovchi «Buyuk ipak yoʻli» bekatigacha almashmasdan yetib olishi mumkin.

Davlatimiz rahbari «Olmazor» bekati yaqinida boʻlib, qurilish ishlarining borishini koʻzdan kechirdi. Sergeli tumanining rivojlanib borayotgani, yangi koʻp qavatli uylar qurilayotgani nuqtai nazaridan bu metro yoʻnalishi ulkan ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Yoʻlovchilarning metropolitengacha yetib olishi va metroda harakatlanishi uchun yaratiladigan sharoitlar bilan qiziqdi.

Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, yerusti halqa metrosining qurilishi bilan ham tanishdi.

Uzunligi qariyb 55 kilometr boʻlgan mazkur transport tarmogʻining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod. Loyiha besh bosqichda amalga oshirilishi belgilangan.

Bugungi kunda uning birinchi bosqichi – metropolitenning “Doʻstlik” bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan 11 kilometrlik qismi qurilmoqda. Bu yoʻnalishda 7 ta bekat boʻladi.

Ayni paytda “Doʻstlik-2” va “Ohangaron” bekatlari qurib bitkazilgan. 

Davlatimiz rahbari yangi keltirilgan poyezdga chiqib, mazkur bekatlar oraligʻida yurib koʻrdi, stansiyalarda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. 

Bekatlar yoʻlovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yoʻlkirani elektron toʻlash imkonini beruvchi turniketlar, eskalator bilan jihozlangan.

Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan yoʻlning qolgan qismida ham poydevorlar quyulib, tayanch ustunlar oʻrnatish yakunlangan. Balkalar oʻrnatish, bekatlar qurish ishlari davom etmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichida Qoʻyliq bozori bilan “Olmazor” bekati bogʻlanadi. Uchinchi boʻlib “Beruniy”, undan keyin “Bodomzor” bekatigacha boʻlgan qism quriladi. Soʻnggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana “Doʻstlik” bekatiga ulanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.