Toshkent Janubiy vokzali Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq zamonaviy arxitektura talablari asosida tubdan rekostruksiya qilindi. Vokzalning umumiy maydoni 9,2 gektar boʻlib, 650 metrlik 3 ta perronga ega, deya xabar beriladi uza.uz saytida
Vokzal hududida diametri 14 metrlik ikkita zamonaviy favvora qurilgan. Bu yoz kunlari hududdagi iqlim musaffoligini taʼminlab, yoʻlovchilarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaydi.
Vokzal bir vaqtning oʻzida 500 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega boʻlib, bir kecha kunduzda 20 000 nafar yoʻlovchilar 19 poyezdlarda kutib olinadi va kuzatiladi.
Yoʻlovchilarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida vokzal hududi zamonaviy devor bilan oʻralgan. Vokzal binosi, kassa zali va vokzal hududi 170 ta videokuzatuv kameralari bilan taʼminlangan.
Yoʻlovchilarning yoʻl hujjati, pasporti, bagaji va qoʻl yuklari vokzal hududiga kirish joyining oʻzida tekshiriladi. Vokzal binosida yoʻlovchilar uchun jahon standartlariga mos sharoitlar yaratilgan. Binoda kutish, VIP zallari, ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, mehmonxona, dam olish xonalari, bufet, koʻchma savdo nuqtalari, gazeta va jurnallar, WiFi internet xizmati, elektron kutubxona, planshet xizmati, shirinliklar va milliy sovgʻalar sotish shaxobchasi, mobil qurilmalar uchun quvvatlantirish manbai, elektron maʼlumotlar markazi va tablosi, sayyohlar zali va zamonaviy lift mavjud.
Kutish zali koʻrgazma va televizion axborot vositalari bilan jihozlangan.
Yoʻlovchilarga bir sutkada 100 nafarga yaqin ishchi xizmatchi xizmat koʻrsatadi.
Kutish zali havo harorati meʼyorini taʼminlovchi sovutgichlarga ega. Chiptalar vokzal hududida joylashgan boʻlib, bir kecha kunduzda 5000 ta chipta sotiladi, shu jumladan elektron chiptalar roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Toshkent Janubiy vokzalidan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha poyezdlar joʻnatiladi va kutib olinadi:
Toshkent – Urganch
Toshkent – Buxoro
Toshkent – Andijon
Toshkent – Qoʻngʻirod
Toshkent – Termiz
Toshkent – Sariosiyo
Andijon – Buxoro
Andijon – Urganch
Andijon – Termiz
Toshkent – Buxoro (sharq)
Toshkent – Termiz (Nasaf)
Toshkent – Andijon (O`zbekiston)
Shaharlararo qatnovchi yoʻlovchi poyezdlar:
Toshkent – Xodjikent
Toshkent – Xovos
Toshkent – Bekobod
Toshkent – Sirdaryo
Toshkent – Guliston
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ maʼlum qilishlaricha, Toshkent Janubiy vokzali oʻz ishini joriy yilning 4 aprelidan boshlaydi.