Toshkent shahri atrofida yer usti xalqa metro liniyasi qurilishi boshlandi

0
125
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mazkur qurilish bilan tanishdi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.  

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan transport-kommunikatsiya sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, yoʻlovchilarga zamonaviy transport xizmati koʻrsatishni kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. 

Aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishi inobatga olinib, Toshkent shahrida yer usti xalqa metro liniyasini barpo etish boʻyicha ishlar boshlandi. 

Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro yoʻnalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali oʻtkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi. 

2017-2021 yillarga moʻljallangan loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda Toshkent metropolitenining «Doʻstlik» bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan qismi quriladi. Uzunligi 11 kilometr boʻlgan ushbu qismda sakkizta bekat bunyod etilishi moʻljallanmoqda. 

Ikkinchi bosqich Qoʻyliq bozori bilan «Olmazor» bekatini bogʻlaydi. Uchinchi bosqichda «Olmazor»dan «Beruniy» bekatigacha boʻlgan qism barpo etiladi. Keyingi bosqichda inshoot «Beruniy»dan «Bodomzor» bekatigacha quriladi, soʻnggi bosqichda «Doʻstlik» bekatiga ulanadi. 

Ayni paytda estakadalar uchun monolit usulda beton ustunlar quyish ishlari boshlandi. Qurilish “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Koʻprik qurilish tresti” unitar korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi. 

Har tomonlama qulay, arzon va xavfsiz boʻlgan mazkur transport tarmogʻi barpo etilishi poytaxtimiz uchun ulkan iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega, dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkent shahrida transportga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash, bu masalaga oqilona yechim topish doimiy eʼtibordagi masalalardan. Mazkur loyihani amalga oshirishda aholi uchun qulay boʻladigan yechimlarga tayanildi. Natijada metroning boshqa yoʻnalishlari bilan oqilona bogʻlash orqali shahar transporti yuklamasini yengillashtirishga olib keladigan ushbu loyiha tanlandi. 

Prezidentimiz aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi zamonaviy transport liniyasini 2020 yilgacha toʻliq foydalanishga topshirish boʻyicha mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi. 

Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanidagi «Vatandosh» mahalla fuqarolar yigʻinida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent shahar tumanlari hokimlari va faollari bilan uchrashdi. Ochiq muloqot shaklida oʻtgan uchrashuvda kommunal, yoʻl-transport, taʼlim, tibbiyot, fan-texnika sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va yechimini kutayotgan dolzarb masalalar xususida soʻz yuritildi. 

Shavkat Mirziyoyev mazkur mahalladagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari doʻkonida ham boʻldi va aholi ehtiyojlari uchun zarur mahsulotlar turi va narxi bilan qiziqdi. 

 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.