Toshkent shahri sessiyasida tashkiliy masala koʻrilib, kelgusi vazifalar belgilandi

0
31
marta koʻrilgan.

3 aprel kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida poytaxt jamoatchiligi bilan koʻrishib turganidan mamnunligini taʼkidlab, bugungi kundagi dolzarb masalalarga toʻxtaldi. Dunyodagi, jumladan, hamkor davlatlardagi vaziyatning iqtisodiyotimizga, aholi daromadlariga salbiy taʼsirini kamaytirish eng muhim vazifalardan ekani taʼkidlandi.

– Har qanday bino tashqi taʼsirlarga bardosh berishi uchun uning poydevori mustahkam boʻlishi shart. Mamlakatimiz poydevori, bu – mahalla. Mahallaning iqtisodiy zamini mustahkam boʻlsa, odamlar daromadi koʻpayib, yaxshi yashashga uyi, bolasini oʻqitishga sharoiti boʻlsa, ertangi kuni uchun xotirjam boʻlsa, shunda barqarorlik, taraqqiyot boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu nuqtai nazardan, mutasaddilar faoliyatidagi sustkashliklar, tumanlarda ishga solinmayotgan imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, Toshkent shahrida loyiha qilish istagidagi investor va tadbirkorlar koʻp. Lekin buning uchun yer kam. Foydalanilmayotgan joylarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, 979 ta yer uchastkasini auksionga chiqarish, qishloq xoʻjaligidan sanoat va aholi punkti toifasiga oʻtgan 175 gektarlik yerni berish orqali ularga sharoit yaratish mumkin.

Yangihayot tumanida 764 gektar yerda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Xorijiy va mahalliy tadbirkorlar u yerda 2,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish boʻyicha taklif bildirgan. Bu hududda yanada koʻproq loyihalarni joylashtirib, oʻn minglab ish oʻrni ochish imkoniyati bor.

Iqtisodiy faol aholidan 80 mingi ishga muhtoj. Shu bilan birga, poytaxtdagi korxona va tashkilotlarda 98 ming boʻsh ish oʻrni mavjud.

Jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash ishlarini ham yangi yondashuv asosida qayta koʻrib chiqish zarur.

Toshkent shahri aholisi turmushini yanada yaxshilash uchun bu kabi qilinadigan ishlar juda koʻp. Shu bois sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Davlatimiz rahbari Toshkent shahri hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Shavkat Umurzoqov nomzodini poytaxt hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

Sh.Umurzoqov 1979 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan. Koʻp yillar prokuratura tizimida ishlagan. 2018-2023 yillarda “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi boʻlgan. U oʻtgan yil martdan buyon Toshkent shahri hokimi vazifasini bajarib kelmoqda. Mahalliy kengash deputatlari ham bir yil davomida uning ishiga baho berish uchun yetarli imkoniyatga ega boʻldi.

Xalq deputatlari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqib, nomzod haqida fikrlarini bildirdi. Ovozga qoʻyish natijalariga koʻra, Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlandi.

Prezident Toshkentda natija qilish uchun imkoniyat ham, resurs ham, sharoit ham yetarli ekani, buning uchun shahar va tuman hokimlari, iqtisodiy kompleks vakillari uygʻonib, katta marralar olib, qattiq ishlashi kerakligini taʼkidladi.

Yigʻilishda shaharni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish imkoniyatlari Yunusobod tumani misolida tahlil qilindi.

Soʻnggi yetti yilda tumanga 1 milliard 700 million dollar xorijiy investitsiya kiritilib, korxona, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari 3,5 mingtaga, ish oʻrinlari 20 mingtaga koʻpaydi. 6 ming xonadonli yangi uy-joylar qurildi, 8 mingta yangi oʻquvchi oʻrni tashkil qilindi, 3 ta oliygoh ochildi.

Yunusobod hududi boʻyicha Toshkent shahrida birinchi, aholi soni boʻyicha esa ikkinchi oʻrinda turadi. Tumanda 64 ta mahalla boʻlib, 376 ming aholi istiqomat qiladi.

Hudud soliq tushumlari hajmi boʻyicha yetakchi. Lekin aholi jon boshiga hisoblaganda yuqori emas. Tumanning poytaxt sanoatidagi ulushi eng oxirgi oʻrinda.

Shulardan kelib chiqib, aholi daromadlarini oshirish boʻyicha ishga solinmagan imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, Yunusobod tumanidagi 9 ta bank filiali yirik mijozlari bilan 64 ta mahalla oʻrtasida “koʻprik” boʻladi. Ulardagi oilalar daromadi koʻpaysa, bank mijozi boʻlgan tadbirkorning mahsulotiga talab oshadi. Bundan tadbirkor ham, bank ham foyda koʻradi.

Endi banklarga odamlar daromadini koʻpaytirish, tuman iqtisodiyotini barqaror oʻstirish boʻyicha yangi masʼuliyat belgilanadi. Ish oʻrni yaratgan mijozlarga kredit foizi tushirib boriladi. Hokim yordamchilari esa ishsizlarni tadbirkorlar talabi asosida oʻqitadi.

Mutasaddilarga bu borada “Yunusobod tajribasi”ni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yunusobod poytaxtning eng qulay qismida joylashgani uchun “oʻsish nuqtasi” biznes ekanini hayotning oʻzi koʻrsatib berayapti. Yangi investitsiyalar oqimiga sharoit yaratish maqsadida eskirgan qiyofadagi yoki davlat idoralari joylashgan binolar oʻrnida zamonaviy savdo, xizmat va ovqatlanish loyihalarini amalga oshirish mumkin. Natijada 7 mingta yuqori daromadli ish oʻrni ochiladi.

Yer oʻta cheklangan sharoitda bor infratuzilmani vertikal oʻstirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarur. Xususan, dehqon bozorlarini qavat-qavat usulda kengaytirish uchun sharoit bor. Shuningdek, kichik sanoat zonasidagi bino-inshootlarni 3-4 qavat qilib, qayta qurish hisobiga qoʻshimcha 200 ming kvadrat metr hosil boʻladi.

Ijtimoiy sohada xususiy sheriklik loyihalarini koʻpaytirish orqali ham mingta ish oʻrni yaratsa boʻladi. Masalan, 7-sonli shahar shifoxonasi uchun yangi bino qurilsa, boʻshaydigan yerda koreyalik investorlar 420 oʻrinli koʻp tarmoqli klinika qurish tashabbusini bildirgan.

Umuman, oʻrganishlar asosida Yunusobodda 600 million dollar investitsiya, 35 mingta yuqori daromadli ish oʻrni imkoniyatlari aniqlangan.

Hukumatga barcha tumanlarni shu tarzda oʻrganib, Toshkent shahrida 250 ming yuqori daromadli ish oʻrni yaratish, 2 milliard dollar sarmoya jalb etish choralarini koʻrish topshirildi.

Sanoat, infratuzilma, tadbirkorlik va kommunal sohalarda ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Mahallalardagi obodlik masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Mahalla raislari va nuroniylar milliy qadriyatlarimizni tiklab, koʻcha boʻylari va hovlilarda gulu rayhonlar ekish, daraxt oʻstirish, ishkomlar qilish, ozodalik ishlariga bosh-qosh boʻlishi zarurligi aytildi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi faollikni ragʻbatlantirish maqsadida tanlov oʻtkazib, yil yakuni bilan eng namunali mahallaga elektromobil sovgʻa qilish taklifini bildirdi. Bu taklif olqishlar bilan qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilish soʻngida Prezident xalq deputatlari, mahalla raislari, ziyolilar va yoshlar bilan muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.