Davlatimiz rahbari 2019 yilda Chilonzor tumaniga tashrifi chogʻida «Oriyent keramik» korxonasini borib koʻrgan, uning faoliyatini kengaytirish muhimligini aytgan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shundan soʻng Sergeli tumani hududida yana bir zavod qurilib, xorijdan ilgʻor texnologiya keltirib oʻrnatildi. Korxona shu yil iyun oyida faoliyat boshlab, 450 kishi ish bilan taʼminlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev uning ish jarayoni bilan tanishib, mahsulotlar sifatini koʻzdan kechirdi.
Bu loyihaning qiymati 42 million dollar boʻlib, yiliga 10 million kvadrat metr kafel va keramogranit mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlar deyarli yuz foiz mahalliy xomashyodan tayyorlanishi bois xorijnikidan bir necha barobar arzon. Ularning sifatli, turli rang va hajmda ekani bozorbopligini taʼminlamoqda.
Ilgari bunday katta oʻlchamdagi keramogranit kafellar yurtimizga import qilinar edi. Endi ularning oʻrnini toʻldirish bilan birga, mahsulotlarning yarmini eksport qilish ham mumkin.
Davlatimiz rahbari ushbu korxona tajribasi asosida yangi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlari hokimlari bilan muloqot boʻldi. Ular tadbirkorlik, bandlik, bunyodkorlik loyihalari yuzasidan axborot berdi.
– Islohotlarimiz, hududlarga berayotgan imkoniyatlarimiz natijasida hokimlarning dunyoqarashi oʻzgarayapti. Bugun Toshkent tumanlari katta-katta marralar qoʻyyapti. Eng katta masalalar – ishsizlikni kamaytirish, investitsiya olib kelish va eksport. Mana, «20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis» dasturini boshladik. Bu ham aholi, ham tadbirkorlar uchun katta imkoniyat. Yana bir muhim vazifa – “Yashil makon” umummilliy loyihamiz. Koʻchat ekish, bogʻ yaratish ishlarini davom ettirish, yashil hududlarni koʻpaytirish, odamlarning dam olishi uchun sharoit tashkil qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tadbirkorlik, raqamlashtirish, xizmatlar sohasida xorij tajribasini oʻrganish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.