Umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat mazkur metro qurilishi besh bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab Toshkent metropolitenining «Doʻstlik» bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan qismi quriladi. 11 kilometrlik bu qismda sakkizta bekat bunyod etiladi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.
Davlatimiz rahbari Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, mazkur metro qurilishining borishi bilan tanishdi.
«Jamoat transportining faqat neft yoki gazga bogʻlanib qolishi notoʻgʻri. Yer usti metrosi arzon, qulay va xavfsiz. Eng muhimi, bu boshqa jamoat transportlaridagi yuklamani oʻziga oladi, shahar markazidagi tirbandlikni kamaytiradi. Yoʻl haqi tushumiyam vaqtida va joyida boʻladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu jihatlarni hisobga olib, qurilishni tezlashtirish, ishni bir necha smenada tashkil etib, ertaroq qurib bitkazish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz yer usti metrosining birinchi bosqichini kelgusi yil Navroʻz bayrami arafasida foydalanishga topshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.