Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 yanvar kuni Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qulay jamoat transporti shaharning eng muhim shartlaridan biridir. Lekin Toshkent shahrida bu dolzarb muammoga aylanib borayotgan edi. Avtobuslarning koʻpi eskirgani, markaziy shohbekatlar yopilib, yoʻnalishlar oʻzaro samarali bogʻlanmagani oqibatida aholiga noqulaylik tugʻdirayotgan edi.
Masalan, soʻnggi besh yilda poytaxtimiz aholisi 300 ming nafarga koʻpaygan, hududi ham kengaygan. Bundan tashqari, har kuni bir milliondan ortiq odam kelib-ketadi. Lekin jamoat transport tizimi poytaxtdagi oʻzgarishlardan orqada. 350 ta avtobusning foydalanish muddati 10 yildan oshgan, 393 ta avtobus yetishmaydi. Tirbandliklar oqibatida avtobuslar orasidagi interval tigʻiz paytda 30 daqiqagacha yetmoqda.
Oqibatda yoʻlovchilar bu xizmatdan norozi boʻlib, shaxsiy transportdan foydalanishga oʻtib ketmoqda. Toshkent shahrida bu koʻrsatkich 79 foizni, jamoat transportidan foydalanish darajasi esa bor-yoʻgʻi 21 foizni tashkil etmoqda.
Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 19 oktyabrda Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, zarur choralar koʻrilishini aytgan edi.
Taqdimotda shu boradagi vazifalar muhokama qilindi.
Aholining jamoat transportidan foydalanish darajasini hozirgidan 2 barobar oshirish Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligi oldida turgan asosiy vazifa sifatida belgilandi. Bunda tizimli yondashuv va odamlar ogʻirini yengil qilish maqsadi ustuvor boʻlishi, barcha transport turlari – yoʻnalishli, temir yoʻl transporti va metro liniyalari, velosiped va piyodalar harakatiga moʻljallangan yoʻllarning uzviy bogʻliqligini taʼminlash va kompleks rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi.
Hududlardan Toshkent shahriga kelishdagi asosiy yoʻllarda 10 ta zamonaviy shohbekat, yoʻlovchilar juda koʻp boʻladigan 6 ta metro bekati yonida avtoturargohlar barpo etish boʻyicha topshiriq berildi.
Joriy yilda “Qoʻyliq-Qipchoq” yerusti metrosi qurilishi ham yakunlanadi. Buning natijasida yengil avtomobildan foydalanayotgan 70 ming aholi uchun jamoat transportida yurishga qulay sharoit yaratiladi.
Bundan tashqari, yoʻlovchilar oqimining kelgusi 5 yillik prognozidan kelib chiqib, jamoat transporti tizimining iqtisodiy-matematik modelini yaratish, Transport universiteti ilmiy salohiyatini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Toshkent shahrida transportlar soni yiliga 15 foiz oʻsib, kuniga 800 ming avtomobil harakatlanmoqda. Yoʻllar piyoda va velosipedda yurish uchun qulay emas. 500 dan ortiq katta chorraha boʻlib, aksariyatining oʻtkazuvchanlik darajasi past. Bularning hamda harakatlanish madaniyati pastligi oqibatida yoʻl-transport hodisalari koʻp sodir boʻlmoqda.
Davlatimiz rahbari yoʻl harakatini toʻgʻri tashkil etish orqali mazkur chorrahalarda oʻtkazuvchanlik va qulaylikni oshirish kerakligini taʼkidladi. Bu yil 200 ta chorrahada harakatni transport oqimiga qarab boshqarish tizimi joriy etilishi, 180 kilometr piyoda va velosiped yoʻlaklari qurilishi, 2 ming avtomobilga moʻljallangan toʻxtash joylari tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, joriy yilda avtobus parkining 35 foizi yangilanadi. Buning uchun 410 ta avtobus va elektrobus xarid qilinib, katta sigʻimli avtobuslar soni 2 barobar oshiriladi. Shuningdek, shaharda elektromobillar soni koʻpayib borayotganini hisobga olib, ular uchun quvvatlash stansiyalarini tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Taqdimotda Toshkent shahrida jamoat transporti va transport infratuzilmasini Germaniya va Rossiyaning megapolislarni rivojlantirish borasidagi ilmiy asoslangan tajribasi asosida takomillashtirish imkoniyatlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Shuningdek, jamoat transporti korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish, “Toshshahartransxizmat” korxonalarini moliyaviy auditdan oʻtkazib, transformatsiya qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari sohani byudjet va boshqa manbalardan tashqari davlat-xususiy sherikchilik asosida ham rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligiga poytaxtimizda jamoat transportini rivojlantirish konsepsiyasini qayta koʻrib chiqib, keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish topshirildi.
Istiqbolda barcha viloyat markazlaridagi jamoat transportini ularning aholi soni, yashash va ish joylari, rivojlanish xususiyatlaridan kelib chiqib poytaxt tajribasi va ilmiy yondashuv asosida takomillashtirilishi taʼkidlandi.