Toshkent shahrida Koreys madaniyati va sanʼati uyi ochildi

0
367
marta koʻrilgan.

Toshkent shahrida 20 aprel kuni Koreys madaniyati va sanʼati uyining tantanali ochilish marosimi boʻldi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.   

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rafiqalari bilan birgalikda ushbu doʻstlik va madaniyat saroyini ochdi.

— Poytaxtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan ushbu muhtasham inshoot qiyofasida zamonaviy arxitektura yutuqlari va anʼanaviy koreys madaniyati uygʻunlashgan. Bu maskan xalqlarimizning mustahkam doʻstligi va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga chiqqanining yorqin tasdigʻidir, — dedi davlatimiz rahbari.

— Bu markaz doʻstlik, ahillik va mushtaraklik maydonidir. Oʻylaymanki, u Oʻzbekistondagi koreys diasporasi, shu yerda ishlayotgan koreyaliklar va barcha oʻzbekistonliklar uchun umumiy uy boʻladi. Koʻp jihatdan oʻxshash xalqlarimiz va birodarlashgan davlatlarimizni bogʻlab turadi, — dedi Mun Chje In.

Sahnada koreyslarning yurtimizga koʻchirib kelinishi, xalqimiz bilan ahil yashashi haqida badiiy kompozitsiya namoyish etildi. 

Maʼlumki, 1937 yilda Uzoq Sharqdan oʻn minglab koreyslar mamlakatimizga koʻchirilgan. Oʻsha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay, oʻzbek xalqi ularni ochiq qalb bilan qabul qilgan, ularga boshpana berib, mehr koʻrsatgan. Oʻzining mehnatsevarligi va qatʼiy irodasi, xalqlarimizning mentaliteti oʻxshashligi tufayli koreyslar yurtimizda ikkinchi Vatanini topdi. Ular Oʻzbekistonning teng huquqli fuqarosiga, jamiyatimizning faol aʼzolariga aylandi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda 180 mingdan ziyod koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashaydi. Ularning uch yuzga yaqini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. 

Barcha millat va elat vakillari qatori koreys yurtdoshlarimiz uchun ham oʻz milliy madaniyati, tili, urf-odat va anʼanalarini asrab-avaylashi uchun zarur sharoit yaratilgan. Oʻnlab koreys madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. 12 ta oliy taʼlim muassasasi, 48 ta maktab va litseyda koreys filologiyasi oʻqitilmoqda. 

Koreys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, koʻrgazmalar, konsert va festivallar, sport musobaqalari oʻtkazilmoqda. 

Davlat rahbarlari oʻzbekistonlik koreys rassomlari asarlari koʻrgazmasi bilan ham tanishdi. 

Koreys madaniyat va sanʼat uyi 478 oʻrinli kinokonsert zali, konferensiyalar zali, kutubxona, badiiy galereya, restoran va xizmat xonalarni oʻz ichiga olgan. U jamoatchilik va yoshlar intiladigan, mushtarak madaniyatimizni boyitadigan yana bir maskanga aylanadi. Bu kun alohida strategik sherik davlatlar — Oʻzbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari tarixida yana bir yorqin sahifa boʻlib qoladi.

Bugun kunning ikkinchi yarmida Prezidentlar Samarqandga tashrif buyurib, diqqatga sazovor joylar bilan tanishadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.