Toshkent shahrida mahallabay ishlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi

0
136
marta koʻrilgan.

31 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Dastlab aholi hayot darajasini mahallalar kesimida oʻrganish natijalari haqida maʼlumot berildi.

Maʼlumki, dunyoda Inson taraqqiyoti indeksi bor. U aholining hayot sifati, savodxonlik darajasi va umri davomiyligini qiyosiy baholaydigan koʻrsatkichdir. Bu davlatimiz rahbari ilgari surgan “inson qadrini ulugʻlash” gʻoyasi bilan hamohang.

Shundan kelib chiqib, Toshkent shahrida Inson qadri indeksini joriy etish boʻyicha taklif tayyorlangan. Buning uchun Chilonzor, Uchtepa, Sergeli va Yunusobod tumanlaridan bittadan mahalla tanlab olinib, aholi oʻrtasida 56 xil masala boʻyicha soʻrovnoma oʻtkazilgan. Bu orqali mahallada qaysi soha oqsayotgani, odamlarda nimalarga talab borligi aniqlangan.

Taqdimotda shunday tahlilni sinov tariqasida poytaxt mahallalari kesimida yoʻlga qoʻyish, uning natijalariga qarab, muayyan hududga eʼtiborni kuchaytirish taklifi bildirildi.

– Buning mezonlari qanday boʻladi? Olti oy yoki yil yakunida nimaga erishiladi? Shuning uchun ilmiy asoslangan tizim kerak. Shahar hokimligida Situatsion markazga oʻxshash tahlil markazi tashkil qilish, dasturiy mahsulot yaratish zarur. Mahallabay ishlash oson emas, zimmamizga katta masʼuliyat olayapmiz. Bu tizim qaysi mahallaga, qaysi koʻchaga birinchi boʻlib kirishni koʻrsatib berishi kerak. Hamma ishlarni jamoatchilik bilan maslahatlashib, mahalliy kengashlarda tasdiqlab, tartib bilan bajarish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Indeks loyihasini mutaxassislar bilan muhokama qilib, har tomonlama takomillashtirish, sektor rahbarlariga bu tizimni oʻrgatish boʻyicha tavsiyalar berildi. Bu ularning oʻz ish uslubini oʻzgartirishga undashi taʼkidlandi.

Taqdimotda investitsiya va eksport masalalari ham koʻrib chiqildi.

Xususan, bu yil poytaxtimizda 738 ta loyiha boʻyicha jami 3 milliard 800 million dollar investitsiya oʻzlashtirilishi qayd etildi. Shundan 2 milliard dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyadir. 500 ta loyiha joriy yilning oʻzida ishga tushirilib, 27 mingta yangi ish oʻrni tashkil etiladi.

Investitsiya loyihalarini mahallalar kesimida shakllantirish choralari, bu sohada 2022-2026 yillarga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar haqida ham axborot berildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining moliyaviy, iqtisodiy imkoniyatlari kengligini, hududiy loyihalarni koʻpaytirib, har bir tumanga qoʻshimcha 100 million dollar jalb qilish mumkinligini taʼkidladi.

Tashqi savdo borasida ham “oʻsish nuqtalari” belgilab olingan. Xususan, joriy yilda Toshkent shahri eksporti 1 milliard 400 million dollar boʻlishi kutilayotgan boʻlsa, 2026 yilga borib bu koʻrsatkichni 2 milliard 500 million dollarga yetkazish moʻljallangan.

Yirik xalqaro brendlarni jalb qilish orqali ham ichki bozor talabini qondirish, ham eksportni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Videoaloqa orqali tuman hokimlari va sektor rahbarlari bilan mahallabay ishlash masalalari yuzasidan muloqot boʻldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.