Toshkent shahrida yangi yoʻl va yoʻl oʻtkazgichlar ochildi

0
240
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrining Yakkasaroy va Sergeli tumanlarida qurilgan yangi yoʻlni koʻzdan kechirdi.

Poytaxtimiz ham iqtisodiyot, ham nufus jihatidan oʻsib bormoqda. Soʻnggi yillarda shaxsiy avtomobillar 2-3 barobar koʻpayib, shahar koʻchalarida bir kunda 700-800 mingdan ziyod transport harakatlanmoqda. Yana yarim milliondan ziyod odam kuniga poytaxtimizga kelib ketadi. Shu bois yoʻl infratuzilmasi hayot talabiga mos ravishda rivojlantirib borilmoqda.

Sergeli bilan Yakkasaroy tumanini bogʻlaydigan qoʻshimcha yoʻl juda kerak edi. Bu loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Choʻponota koʻchasidan Toshkent halqa yoʻligacha qariyb 2 kilometrlik trassa qurib bitkazilgan. Uning Kichik halqa yoʻli ustidan oʻtgan qismida 788 metrlik koʻprik va Toshkent halqa yoʻliga tutashgan joyida ikkita 207 metrlik yoʻl oʻtkazgich barpo etilgan.

Mazkur transport inshootlari bugundan ochildi.

Ushbu yangi yoʻl va koʻpriklar muhandislik yechimiga koʻra juda qulay. Birinchidan, mazkur yangi koʻcha Toshkentning eng yirik transport arteriyalari – kichik va katta halqa yoʻllari bilan kesishadi. Ikkinchidan, transportlarning yangi koʻprikka chiqishi ham, undan tushishi qulay. Hech qanday svetofor yoki qayrilib olishsiz, boshqalarga xalaqit bermagan holda, keyingi yoʻnalishga qoʻshilib ketish mumkin.

Ayni paytda loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida jadal ish olib borilmoqda. Toshkent halqa yoʻlidan Qipchoq koʻchasigacha boʻlgan 4 kilometrdan ziyod yoʻl qurilmoqda.

Umuman, 6 qatorli mazkur yoʻl va koʻpriklar soatiga 12 mingtagacha avtotransportni oʻtkazish quvvatiga ega boʻladi. Shu tariqa, Sergeli tumanidan shahar markaziga yetib borish vaqti oldingi 40-50 daqiqa oʻrniga 20 daqiqani tashkil qiladi. Yangi Sergeli koʻchasidagi tirbandlik ikki baravarga qisqaradi.

Shu yerda yoʻlsozlik, obodonlashtirish va kommunal sohalarda qoʻllaniladigan maxsus texnikalar namoyish etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.