Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 oktyabr kuni “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasiga borib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha boʻlgan Bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
– Toshkent – azim poytaxtimiz, mamlakatimizning eng katta shahri. Besh yilda investitsiyaga, tadbirkorlarga sharoit yaratdik, yangi uylar, zamonaviy inshootlar qurildi. Bu ham kerak. Endi kelajakni oʻylab, strategiyani aniq belgilab olmasak, oʻn yildan keyin shaharda yashash qiyin boʻlib ketadi. Qoʻshimcha bosimni infratuzilma koʻtarmaydi. Endi xato qilishga haqimiz yoʻq. Xalq uchun yaratilishi kerak boʻlgan qulayliklarni hisobga olib, loyihani 50 yil oldin toʻgʻri qilmasak, shaharning arxitekturasi ham, iqtisodiyoti ham, ekologiyasi ham boʻmaydi, – dedi Prezident.
Bugungi kunda Toshkent shahrining hududi 43 ming gektar, aholi soni 3 millionga yaqinlashgan. Infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortgan. Transportlar ham kun sayin koʻpayib, yoʻl harakati qiyinlashib bormoqda. Chang, tutun ekologiyaga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shu bois Prezidentimiz bu masalani alohida eʼtiborga olib, poytaxtning meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish, kelgusidagi qurilishlarni shahar tashqarisida qilish vazifasini qoʻygan edi. Xususan, oʻtgan yili “Yangi Oʻzbekiston” bogʻining ochilish marosimida hamda toshkentlik saylovchilar bilan uchrashuvda bu borada konsepsiya tayyorlanayotgani aytilgan edi.
Poytaxtimiz kelajagi bilan bogʻliq boʻlgani uchun bu masalaga jiddiy va puxta yondashildi. “ToshkentboshplanLITI” korxonasida chet ellik va mahalliy loyihachilar ikki yil davomida ishlashdi. Aholining oʻsishi, transport va muhandislik tarmoqlari, iqlim oʻzgarishlari tahlil qilinib, shu asosida transport tugunlari va aholi punktlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi.
Tashrif chogʻida Prezidentimizga mazkur strategiya haqida axborot berildi.
Koʻzda tutilayotgan ishlardan biri shuki, Toshkent shahri kadastri raqamlashtirilib, hududlarning toifasi ochiq-oshkora qayd etib qoʻyiladi. Aholi oʻz mahallasi yoki tadbirkorlar biznes ochmoqchi boʻlgan yerining qanday hududda joylashganini internet orqali bemalol koʻrishi mumkin boʻladi.
Tirbandlik muammosini hal etish uchun jamoat transporti qulaylashtiriladi. Buning uchun aholi uyidan 15 daqiqa piyoda yuradigan masofada bekat boʻlishi talab etiladi. Shuningdek, “Park and ride” tamoyili asosida, shahar chekkalarida avtoturargohlar tashkil etilib, jamoat transporti bekatlari bilan bogʻlanadi.
Yana bir muhim chora – binolarga ijtimoiy talablar belgilash. Masalan, shahar ichida koʻp qavatli inshoot qurilgudek boʻlsa, uning turiga qarab, maktab, bogʻcha, maishiy xizmat, avtoturargoh oʻrni, koʻkalamzorlashtirish maydoni kabi meʼyorlar qoʻyiladi.
Toshkent shahrining 2045 yilgacha boʻlgan Bosh rejasi loyihasi “Yangi Toshkent” konsepsiyasi bilan mutanosib tayyorlangan. Bu yangi shahar poytaxtimizning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oraligʻida barpo etiladi. 500 ming aholiga moʻljallangan boʻladi.
Shundan kelib chiqib, istiqbolli rivojlanish va qurilish hududlari, yangi shahar bilan poytaxtni birlashtiruvchi asosiy yoʻllar sxemalari ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda bunyodkorlik qilish rejalashtirilgan.
Global isish kuzatilayotgan bugungi dunyoda yashillik juda muhim. Bugungi kunda Toshkent shahrida 7 ming gektar yashil maydonlar mavjud. Prezidentimiz ilgari surgan “Yashil makon” umummilliy loyihasidan kelib chiqib, Bosh reja loyihasida bunga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, katta halqa yoʻli atrofida “yashil kamar” yaratish, shahardan oʻtgan kanallar boʻyida tematik bogʻlar tashkil etish koʻzda tutilgan. Umuman, poytaxtimizda yashil hududlarni 25 ming gektarga yetkazish maqsad qilingan.
– Shaharni rivojlantirish boʻyicha bu stratageyamizni dunyodagi yetuk mutaxassislar ham maʼqulladi. Endi har bir joy boʻyicha xalq fikrini olib, aql bilan, sifatli qurish kerak. Bu yangi shahar xalqimizga munosib, iqlimimizga mos, zamonaviy boʻlishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu ulkan loyihaga yosh mutaxassislarni jalb etib, tajribasini shakllantirish, tuman va shaharlar arxitekturasini mutanosib rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. Shu bois Samarqand, Buxoro, Qoʻqon, Namangan kabi boshqa shaharlarimizda ham loyihalashtirish markazlari ochish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyini rekonstruksiya qilish, Surxondaryo viloyati Denov tumani markazining arxitektura qiyofasini zamonaviylashtirish loyihalari ham taqdimot qilindi.