Toshkent shahrining 329-umumiy oʻrta taʼlim maktabi onalar va bolalarga munosib armugʻon

0
712
marta koʻrilgan.

Toshkent shahri Sergeli tumanining 5A mavzesida 329-umumiy oʻrta taʼlim maktabi foydalanishga topshirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev  ushbu taʼlim maskani faoliyati bilan tanishdi.

Maʼlumki, mazkur tumanda koʻp qavatli uy-joylar bunyod etilib, aholi soni oshib bormoqda. 2019 yilda bu yerda toʻrtta yangi maktab barpo etish ishlari boshlangan edi. Hozirda ularning ikkitasi qurib bitkazildi. Yangi oʻquv dargohlari  bolalar va oʻsmirlar hamda ota-onalar uchun munosib sovgʻa boʻldi.

Oʻquv dargohiga asos solishda 2019 yilda tashkil etilgan Prezident maktablari tajribasidan foydalanilgan. Toʻrt qavatli 1680 oʻquvchiga moʻljallangan maktabda 48 ta oʻquv xonasi mavjud. Shundan 20 tasi fan kabineti, 14 tasi boshlangʻich sinf xonasi va yana 14 tasi xorijiy tillarni oʻqitishga moʻljallangan. Laboratoriya va toʻgarak xonalari, elektron kutubxona, tibbiyot punkti, oshxona, faollar zali, sport maydonlarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan. 

Ahamiyatlisi, bu yerda bolalarni hozirdanoq aniq kasblarga yoʻnaltirish, hunarlarga mehr uygʻotish maqsadlarida kasbga yoʻnaltirish xonalari tashkil etilgan, ular kerakli jihozlar, asbob-uskunalar, mehnat qurollari, mato va materiallar bilan toʻldirilgan. 

Taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida maktabga direktor tanlov asosida, oʻqituvchilar esa test sinovlari natijasida ishga qabul qilingan.

Davlatimiz rahbari bolalarga sifatli taʼlim berish, shu bilan birga, 7-sinfdan boshlab kasbga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.  

— Oʻgʻil-qizlar hunar oʻrgansa, oʻziga ishonchi ortadi, dunyoqarashi ham oʻsadi, ota-onasining ham koʻngli toʻq boʻladi. Keyinchalik ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga mablagʻ sarflamaslik uchun bugun shu mablagʻni maktablarga berishimiz kerak. Bolalarimizni vatanparvar, jamiyatga kerakli inson qilib tarbiyalamasak, kelajakka xiyonat qilgan boʻlamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan maktab dasturiga shaxmat saboqlari kiritilgan edi. Musiqa xonasi bilan tanishuvda yana bir shunday taklif bildirildi.

— Har bir oʻgʻil-qiz hech boʻlmasa bitta cholgʻu asbobini chalishni bilishini istardim, — dedi davlatimiz rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.