Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi koʻrib chiqildi

0
47
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektar, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshib borishi tayin. Shu bois Toshkent shahrining 2045 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022 yilda tanishgan edi. Unda berilgan koʻrsatma va tavsiyalar asosida loyiha takomillashtirildi. “ToshkentboshplanLITI” korxonasida Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda puxta ish olib borildi.

Loyihaga koʻra, Toshkent shahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi. Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar oʻzgarishsiz qoladi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qoʻshimcha qurilishlar qilish mumkin boʻladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar oʻrnida yangi qurilishlar va taʼmirlash amalga oshiriladi.

Bugungi kunda ekologiya va transport muammolari dolzarb boʻlib bormoqda. Xususan, oxirgi oʻn yilda Toshkentdagi havo harorati oʻrtacha 1 daraja koʻtarilgan. Baʼzi kunlarda atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalar meʼyordan ortiq boʻlmoqda. Avtomashinalar ham kun sayin koʻpayib, yoʻl harakati qiyinlashib bormoqda.

Shu bois yangi bosh rejada bu masalalar inobatga olingan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra koʻpaytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshadi.

Shaharsozlik talabiga koʻra, aholi oʻz yashash joyidan eng yaqin bogʻcha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarigacha koʻpi bilan 15 daqiqada yetib bora olishi kerak. Shu bois jamoat transporti tarmogʻi kengaytirilib, bogʻlamlar va bekatlar koʻpaytiriladi. Yangi yoʻllar qurilib, metrobus yoʻnalishlari tashkil etiladi.

Soʻnggi yillardagi oʻsish natijasida Toshkentda elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasi yuklama bilan ishlayapti. Bosh reja loyihasida bu quvvatlarni oshirish manbalari ham hisob-kitob qilingan.

Bosh reja tasdiqlangach, uning xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida hamda Toshkent shahar hokimligi veb-saytida ochiq maʼlumot sifatida joylashtiriladi.

Mutasaddilar bosh rejaning shu kabi asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrini kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, Oʻrtachirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.