Toshkent viloyati tuman va shaharlaridagi “oʻsish nuqtalari” tahlil qilindi

0
32
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni Toshkent viloyatining tuman va shaharlaridagi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Toshkent viloyatida 15 ta tuman va 7 ta shahar bor. Hudud qulay geografik makonda, voha va vodiy viloyatlarini poytaxtimiz bilan bogʻlaydigan muhim transport yoʻlagida joylashgan.

Lekin viloyatning iqtisodiy rivoji mavjud salohiyatga umuman mos emas. Na savdo, na yer-suv, na transport-tranzit imkoniyatlaridan toʻla foydalanilayapti. Baʼzi koʻrsatkichlar bunday qulayliklar boʻlmagan ayrim chekka hududlardagidan ham past.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda ishga solinmayotgan imkoniyatlar, bu boradagi sustkashliklar koʻrsatib oʻtildi.

Poytaxtimiz jadal rivojlanayotgani holda uning yonidagi viloyat hududlari bu surʼatdan ortda qolmoqda. Masalan, Toshkent, Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq tumanlarida sanoat hajmi yondosh poytaxt tumanlariga nisbatan bir necha barobar kam. Qurilish sohasida ham shu ahvol.

Bir qator kichik tadbirkorlar faoliyatini toʻxtatgan. 29 ta yirik korxonada hamda Bekobod va Yangiyoʻl shaharlarida ishlab chiqarish kamaygan. Viloyatda ekin yerlari koʻp boʻla turib, Andijon bilan deyarli bir xil hajmda mahsulot yetishtirilgan.

Hududlarning bor salohiyati daromadga aylanmayapti. Sababi “oʻsish nuqtalari”ni topish va ishga solish boʻyicha hokimlarda tashabbus yetishmayapti. Ayrim hokimlar hatto oʻz hududida “pastga tushmagan”, tadbirkorni qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlarini koʻpaytirishga harakat qilmagan.

Yigʻilishda viloyatdagi shahar va tumanlar mutasaddilari oʻz faoliyatida oʻzgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi koʻrib chiqilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Davlatimiz tomonidan ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Lekin hamma tumanlarda ham rivojlanish bir xil emas. Xususan, Parkent, Yangiyoʻl, Chinoz va Oqqoʻrgʻon tumanlarida turizm, tranzit va iqtisodiy qulayliklar koʻp boʻlsa-da, taraqqiyotdan orqada. Shu bois, Prezident topshirigʻiga muvofiq, ulardagi haqiqiy holat, imkoniyatlar va tadbirkorlarning takliflari oʻrganildi.

Yigʻilishda shu boradagi tahlillar, mazkur tumanlarning “oʻsish nuqtalari” taqdimot qilindi.

Jumladan, Parkent tumanining xushmanzara joylariga olib boruvchi yoʻllarni taʼmirlash, mikroavtobuslar qatnovini tashkil etish, yoʻl boʻyida savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari qurish uchun tadbirkorlarga yer ajratish taklif etilmoqda. Parkentsoy, Qizilsoy va Chovlisoyning muhofaza hududini aniq belgilash va qirgʻoqlarini mustahkamlash orqali boʻshaydigan yerlardan samarali foydalanish ham mumkin.

Yangiyoʻl tumanida “loyiha qilaman, investitsiya olib kelaman”, degan tadbirkorlar juda koʻp. Lekin loyihalar uchun yer topish muammo. Shu bois hozirda boʻsh turgan inshootda oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlariga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Chinoz tumanida savdo-koʻngilochar majmua va zamonaviy baliq bozori barpo etish, yoʻl boʻyida savdo va xizmatlarni kengaytirish, xonadonlarda issiqxonalarni koʻpaytirish kabi imkoniyatlar hisob-kitob qilingan.

Oqqoʻrgʻonda sanoat rivojlanmagani sababli koʻplab xotin-qizlar Toshkent shahri va boshqa tumanlarga qatnab, toʻqimachilik korxonalarida ishlamoqda. Shunday korxonalarni tumandagi boʻsh binolar oʻrnida tashkil qilish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari tumanlar iqtisodiyotini sogʻlomlashtirish boʻyicha choralarni koʻrsatib oʻtdi. Mutasaddilarga viloyatning barcha hududlarini shunday tahlil qilib, qoʻshimcha “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash, daromad manbalarini koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.

Bu borada bir qator rejalar ham bor. Xususan, Ohangaron tumanida Oʻzbekiston – Vengriya sanoat zonasi tashkil etilib, 100 million dollarlik loyihalar joylashtiriladi. Angren erkin iqtisodiy zonasida maishiy texnika, metall prokat, meva-sabzavotni qayta ishlash boʻyicha 400 million dollarlik, “Eltex industrial” texnoparkida 260 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Yigʻilishda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilib, iqtisodiy-ijtimoiy loyihalarni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Poytaxtdagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich shahardan tashqariga koʻchirish rejalashtirilgani, bu Toshkent viloyati uchun katta imkoniyat ekani taʼkidlandi.

Oʻzini oʻzi band qilgan insonlarning kichik biznesga oʻtishi, faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlarning ishini yana tiklashiga koʻmaklashiladi. Tomorqalarda Chinoz tajribasi boʻyicha ixcham issiqxonalar, kooperatsiya asosida mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi.

Shuningdek, joriy yilda mahalliy va xorijiy turistlar sonini 5 millionga, turizmda eksportni kamida 300 million dollarga yetkazish choralari boʻyicha fikr almashildi.

Xotin-qizlar va yoshlarni kasbga oʻqitish hamda bandligini taʼminlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.