Toshkent viloyati poytaxtga yaqinligi, yurtimiz vohalari va xalqaro yoʻllarni bir-biriga bogʻlashi bilan ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Keyingi yetti yilda hududda qariyb 9,4 milliard dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, 143 mingdan ortiq ish oʻrni va 5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.
Bu surʼatni davom ettirib, 2024-2026 yillar uchun jami 26 milliard dollarlik 125 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularning 21 tasi strategik, 52 tasi tarmoq, 52 tasi hudud loyihalaridir. Bu tashabbuslar natijasida 42 mingta ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan.
Davlatimiz rahbariga umumiy qiymati 3,4 milliard dollar boʻlgan 11 loyiha taqdimot qilindi.
Ularga Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar investitsiya kiritmoqda. Toʻqimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, geologiya, xizmat koʻrsatish va boshqa tarmoqlardagi bu loyihalarda 23 mingta ish oʻrni yaratiladi.
Masalan, Xitoy investorlari bilan hamkorlikda Olmaliq shahrida “Buyuk ipak yoʻli” industrial texnoparki tashkil etiladi. U yerda elektrotexnika, toʻqimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yoʻnalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish oʻrni yaratilib, yiliga 5 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi.
Zangiota tumanida esa Janubiy Koreya investorlari bilan birgalikda jigar, boʻgʻim, koʻz va miya faoliyatini davolashda qoʻllaniladigan dori vositalari ishlab chiqarish tashkil etiladi. U yerda 200 kishining bandligi taʼminlanadi.
Prezidentimiz investorlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, loyihalarning har bir bosqichini nazorat qilib, masalalarini hal etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.