Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shu yil 3 avgust kuni boʻlib oʻtgan birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar tahliliga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz Toshkent viloyatida sanoat rivoji uchun qulay sharoitlar borligi, bu sohada jiddiy oʻzgarish qilish zarurligini taʼkidlagan edi. Shunga muvofiq, qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda qariyb 7 trillion 700 milliard soʻmlik mahsulotlar tayyorlanib, oʻsish 4,6 foizni tashkil etgan. Lekin bu mamlakatimizdagi oʻrtacha koʻrsatkichdan past. Shu bois, yil yakunigacha jami 18 trillion soʻmlik tovarlar ishlab chiqarib, yillik 8,5 foiz oʻsishga erishish moʻljallangan.
Buning uchun yangi loyihalarni amalga oshirish, kam quvvatda ishlayotgan yoki toʻxtab qolgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, boʻsh turgan binolardan samarali foydalanish orqali hududiy sanoatni rivojlantirish asosiy maqsad qilib qoʻyilgan. Shuningdek, transport-logistika, xizmatlar, qishloq xoʻjaligi, qurilish sohalari ustuvor yoʻnalish etib belgilangan.
Yigʻilishda ushbu sohalarda amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.
Masalan, Zangiota tumanida 1 ming 494 ta sanoat korxonasi bor. Joriy yilning 6 oyida ular tomonidan qariyb 600 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Bu yil 15 ta loyiha amalga oshirilib, yana 51 milliard soʻmlik quvvat tashkil etiladi.
Zangiota sanoat markazi loyihasini alohida aytib oʻtish mumkin. 116 gektar maydonda barpo etiladigan ushbu sanoat hududida 165 ta loyihani joylashtirish moʻljallangan. Ularning samarasida 12 mingta ish oʻrni yaratish, 48 million dollarlik eksport qilish va 9 million dollarlik import oʻrnini toʻldirish hisob-kitob qilingan.
Angren shahrida korxonalar soni nisbatan kam – 577 ta boʻlsa-da, ularning salohiyati yuqori. Shaharning Toshkent viloyati sanoat hajmidagi ulushi 28 foiz. Joriy yilning 6 oyida u yerda 2 trillion soʻmlikdan ziyod mahsulotlar tayyorlangan. Ikkinchi yarim yillikda yana 15 ta loyiha ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, umumiy qiymati 560 million dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Ularning natijasida 39 mingta ish oʻrni, 3 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Toshkent tumanida umumiy qiymati 335 milliard soʻmlik 32 ta, Chirchiq shahrida umumiy qiymati 422 milliard soʻmlik 20 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Yigʻilishda viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi imkoniyatlar koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanilmayotganini qayd etib, sanoat tarmoqlarida yangi loyihalarni koʻpaytirish, qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish muhimligini taʼkidladi. Yil yakuni bilan hududiy sanoat hajmini 40 foizga oshirish vazifasi qoʻyildi.
Mavjud zavodlar faoliyatini kengaytirish, sanoati rivojlanmagan tumanlarda korxonalar tashkil etish, yoʻl boʻyi xizmatlarini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.