Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 iyun kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, boʻsh turgan bino va yerlarda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Avval xabar berilganidek, 7 iyun kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda shu boradagi ishlar Andijon viloyati misolida tahlil qilingan edi. Bu gal Toshkent viloyatidagi mavjud salohiyat va undan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent viloyati xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun eng qulay hudud. Barcha shahar va tumanlarda yetarli elektr energiyasi zaxirasi mavjud. Asosiy isteʼmol bozorlariga mahsulot yetkazib beradigan yoʻl infratuzilmasi ham yaxshi rivojlangan.
Lekin viloyatning baʼzi hududlarida aholi jon boshiga isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish hajmi respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan 2-3 barobar kam. Viloyat sanoatida hududiy korxonalar ulushi atigi 15 foizni tashkil etadi. Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Ohangaron, Parkent, Piskent, Quyichirchiq kabi tumanlarda sanoat anchayin orqada qolgan.
Joriy oy boshida davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi davomida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan 40 trillion 300 milliard soʻmlik 800 ga yaqin loyihadan iborat dastur ishlab chiqilgan edi. Shundan 300 dan ziyodi sanoat sohasidadir.
Shuningdek, bu borada rezervlar koʻpligidan kelib chiqib, Hududlar sanoatini kompleks rivojlantirish boʻyicha ishchi guruh tomonidan yana 310 ta qoʻshimcha loyiha shakllantirildi.
Yigʻilishda mazkur sanoat loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Unga koʻra, iyun oyi boshida tasdiqlangan Dastur bilan birgalikda viloyatda 2019-2022 yillarda umumiy qiymati qariyb 51 trillion soʻm boʻlgan 636 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ushbu loyihalar doirasida 4,2 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish orqali sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmini qariyb 2, aholi daromadlarini 2,1 barobar oshirish koʻzda tutilgan. Bu 51 mingdan ortiq doimiy ish joyi tashkil etish imkonini beradi.
Yigʻilishda har bir loyiha tarmoqlar, shahar va tumanlar, tijorat banklari kesimida koʻrib chiqildi. Mutasaddilarga ushbu sanoat loyihalari boʻyicha reja jadvallarini tasdiqlab, ularni oʻz muddatida ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Muhim jihati shundaki, viloyat sanoatini rivojlantirish boʻyicha taklif etilgan loyihalarning 60 foizi infratuzilmasi mavjud, lekin boʻsh turgan obyektlar va yer maydonlariga joylashtirildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli vazirlik va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda respublika boʻyicha samarasiz foydalanilayotgan barcha bino va yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazib, boʻshaydiganlarini tadbirkorlarga auksion orqali sotish, investitsiya majburiyatlari bilan “nol” qiymatda berish yoki ular negizida kichik sanoat zonalari tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Xususiylashtirilgan obyektlarni samarali ishlatish borasida mulk egalarida ayrim muammolar borligi qayd etilib, ularni hal qilish boʻyicha tadbirkorlarga koʻmaklashish zarurligi taʼkidlandi.
Videoselektorda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari salohiyatidan unumli foydalanish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi.
Mamlakatimizda jami 21 ta erkin iqtisodiy zona va 150 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan boʻlib, ularning hududida qariyb 1 ming 700 ta kichik korxona faoliyat yuritmoqda. Lekin ayrim korxonalar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan yetarlicha taʼminlanmagan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 iyunda qabul qilingan “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida mazkur joylardagi sharoitlarni yaxshilash, mavjud kamchiliklarni hal etish yoʻllari belgilab berildi.
Bu barcha hududlardagi, jumladan, Toshkent viloyatidagi kichik sanoat zonalari uchun ham ayni muddao boʻldi. Bundan foydalanib, viloyatda sanoatni izchil rivojlantirish, boʻsh obyektlar negizida yangi quvvatlarni ishga tushirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.
Mutasaddilarga shu tizim asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda sanoatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha loyihalarni shakllantirish boʻyicha topshiriq berildi.
Bundan tashqari, yigʻilishda tarmoqlar va hududlar boʻyicha loyihalarda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish holati tanqidiy koʻrib chiqildi. Jahon talablari asosida raqobatbardosh ishlab chiqarishlar tashkil etish, mahsulot va xizmatlar eksportini oshirish, logistikani yanada rivojlantirish, yangi bozorlar topish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.