Toshkent viloyatidagi katta imkoniyatlar investitsiya va ish oʻrinlariga zamin

0
13
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni Toshkent viloyatida qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish, ish oʻrni va investitsiyani koʻpaytirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Toshkent viloyatida sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar, turizm, umuman, barcha sohalarda juda katta imkoniyatlar bor. Soʻnggi yetti yilda hudud iqtisodiyoti 1,5 barobar oʻsgan. Sanoat korxonalari 2 barobar koʻpayib, 12 mingtaga yetgan.

Lekin imkoniyatlar bundan ancha koʻp, ular toʻla ishga solinmayapti. Masalan, viloyatdagi jami yerlarning bor-yoʻgʻi 25 foizidan qishloq xoʻjaligida foydalaniladi. Har gektarga toʻgʻri keladigan daromad ham boshqa joylarga nisbatan kam. Bekobod va Ohangaron shaharlari, Oqqoʻrgʻon, Chinoz, Piskent tumanlarida qayta ishlash darajasi juda past. Oziq-ovqat xavfsizligi, meva-sabzavotlar eksporti ham imkoniyatga yarasha emas.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda yerdan foydalanish samaradorligini oshirish choralari belgilandi. Unga koʻra, har bir klaster, fermer va dehqon xoʻjaligi maydonidagi ekinlar, mahsulot hajmi, ishchilari soni, soliq tushumi kabi maʼlumotlar «Agroplatforma» axborot tizimiga kiritiladi. Kelgusi yilda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 7 ta tumanda 52 ming gektarda 3 marta hosil olish yoʻlga qoʻyiladi. 5 ming gektarda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlar tashkil qilinadi.

Umuman, 22 ta tuman-shahardagi yerlar qayta ishlovchi va eksportchi korxonaga bogʻlanadi. Bu orqali kelasi yil 3,5 million tonna meva-sabzavot yetishtirib, 500 million dollar eksport qilish mumkinligi aytildi.

Toshkent viloyatining infratuzilmasi, logistikasi tadbirkorlik uchun juda qulay. Lekin ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar umumiy maydoni uch yilda bor-yoʻgʻi 1,6 million kvadrat metrga oshgan, bu poytaxtdan 3,5 barobar kam. Investitsiyaviy loyihalar uchun toifasi oʻzgartirilgan 9 ming gektar yerning 2 ming gektaridan foydalanilmayapti. Boʻsh turgan davlat inshootlari ham bor.

Holbuki, investorlar bu hududda “aqlli shahar”, tibbiyot klasteri, yashil energetika stansiyasi qurish tashabbusini bildirgan. Vodiylik va poytaxtlik minglab tadbirkorlar ham biznesini kengaytirish, yangi korxona, mehmonxona, savdo va turizm majmualari qurish uchun joy izlab yuribdi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va viloyat mutasaddilariga bu boradagi sustkashliklar koʻrsatib oʻtildi. Bino va yerlarni tadbirkorlarga qulay shartda auksionga chiqarish, ularning negizida investitsiya, ish oʻrni va eksportni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Toshkent viloyati hokimi kelgusi yil 5 milliard dollar investitsiya jalb etish hamda eksportni 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha rejalarini taqdimot qildi. Davlatimiz rahbari uning tarkibiga eʼtibor qaratib, kutilayotgan investitsiyaning yarmi shundogʻam rivojlangan Olmaliq, Angren, Chirchiq shaharlari, Ohangaron, Zangiota va Qibray tumanlariga toʻgʻri kelishini qayd etdi. Shu bois sanoat va xizmatlar nisbatan orqada boʻlgan Oqqoʻrgʻon, Bekobod, Boʻka, Parkent, Piskent, Quyi Chirchiq va Chinozda qoʻshimcha loyihalar qilib, ish oʻrinlari ochish zarurligi taʼkidlandi.

Toshkent viloyatidagi imkoniyatlar hisobiga barcha aholini daromadli qilish mumkinligi aytildi. Kelgusi yilda viloyatda 700 ming odamning bandligini taʼminlab, ishsizlikni tabiiy darajasigacha tushirish, 22 ming oilani daromadli qilib, kambagʻallikni hozirgi 7,2 foizdan 4 foizga kamaytirish, mehnat migrantlarini yurtimizga qaytarib, ishga joylashtirish vazifa qilib olindi.

Prezidentimiz yigʻilishda qatnashgan viloyat tadbirkorlari bilan ham muloqot qildi. Ularning taklif va tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratib, bu borada mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.