Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Toshkent viloyatining tuprogʻi unumdor, suvi moʻl. Bundan samarali foydalanilsa, hosildor bogʻ va tokzorlar barpo etish, intensiv sabzavotchilikni yoʻlga qoʻyish, odamlarning bandligini taʼminlash mumkin.
Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida shu borada qator vazifalar belgilangan. Xususan, Toshkent viloyatida 2023 yilda 9 ming gektar paxta va gʻalla maydoni qisqartirilib, 25 sotixdan aholiga beriladi. Bu 60 mingdan ortiq kishini ish bilan taʼminlash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan, mutaxassislar ishtirokida Toshkent viloyatida foydalanilmayotgan imkoniyatlar oʻrganildi va qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Yigʻilishda ana shu takliflar haqida axborot berildi. Unga koʻra, viloyatda 62 ming gektar yerni foydalanishga kiritish hisob-kitob qilingan. Ularda yaylov oʻsimliklari urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish, suv kam talab qiladigan moyli, dukkakli va ozuqa ekinlari yetishtirish, chorva boqish moʻljallangan.
Shuningdek, Toshkent viloyatining har bir tumani meva-sabzavotchilik, kartoshkachilik, uzumchilik kabi muayyan tarmoqqa ixtisoslashtiriladi. Masalan, Ohangaron, Toshkent, Zangiota, Parkent, Yangiyoʻl, Qibray tumanlarida qariyb 5 ming gektarda intensiv usulda sabzavot yetishtirish, Boʻstonliq, Yangiyoʻl, Ohangaron, Parkent, Boʻka, Bekobod, Chinoz, Oqqoʻrgʻon tumanlarida 1 ming 300 gektar yerni bogʻ qilish, Parkent, Qibray va Piskent tumanlarida 2 ming gektardan ziyod tokzor barpo etish mumkinligi aytildi. Oʻrta Chirchiq, Toshkent va Boʻstonliq tumanlarida “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etib, urugʻlik kartoshka yetishtirish moʻljallangan. Umuman, mazkur chora-tadbirlar natijasida 24 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz bu chora-tadbirlarni maʼqullab, ularni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.