Toshkent viloyatiga 119 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi

0
73
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Chinoz tumanidagi Eshonobod mahallasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu yerda 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida “Obod qishloq” dasturi doirasida uylar, maktablar, yoʻllar va kommunal tarmoqlar taʼmirlanib, zamonaviy madaniyat saroyi barpo etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda mahallaning turli millatga mansub vakillari bilan suhbatlashdi.

— Bugun kelishimdan maqsad — Toshkent viloyatida ham zamonga munosib sharoit yaratish. Viloyatda salkam 3 million aholi bor. 150 ming nafari ishsiz. Shuning uchun har bir mahalladagi «oʻsish nuqtalari»ni topib, shunga javobgarlarni belgilab, kerakli mablagʻlarni berib, odamlarni ish bilan taʼminlashimiz kerak. Ichimlik suvi, elektr energiyasi, yoʻl, taʼlim va boshqa sharoitlarni yaxshilash zarur. Bu maqsadlar uchun, yirik va oʻrta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan, — dedi Prezident.

Muloqotda Chinoz tumanidagi oʻzgarishlar, imkoniyatlar haqida ham gaprildi.

— Oʻzi Chinoz tumanida ishsiz boʻlishi kerak emas. Yeri keng, odamlari mehnatkash. Har bir uyda, har bir koʻchada madaniyat boʻlishi kerak. Xalqimiz aytganidek, olma pish, ogʻzimga tush, degan bilan natija boʻlmaydi. Birgalikda harakat qilishimiz zarur. Oʻzgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda oʻzgarishimiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallada davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, bank filiali, tibbiyot punkti, tikuchilik korxonasi ham tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari «Qoʻjakent tekstil grup» korxonasidagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi.

Bu yerda ikki smenada 500 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Oxirgi bir yarim oyda 100 ming dollarlik tayyor kiyimlar eksport qilingan. Korxonaning oʻzida tikish-bichishni oʻrgatuvchi 200 oʻrinli oʻquv markazi ham ochilgan.

Mutasaddilarga tadbirkorlarga koʻmaklashib, bino va mablagʻlar ajratib, bunday kichik korxonalarni koʻpaytirish va 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan taʼminlash boʻyicha koʻrsatma berildi.

Prezidentimiz shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.