Toshkent viloyatiga hokim tasdiqlandi

0
90
marta koʻrilgan.

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, ular mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qoʻshib kelayotganini taʼkidladi.

– Hammangiz tushunasiz, bugungi tahlikali zamonda yashash, tashqi siyosatni ham, ichki siyosatni ham barqaror qilib, jonajon Vatanimiz manfaatini taʼminlash, xalqimizni rozi qilish oson emas. Buning uchun har kuni izlanib, bor imkoniyatlarni toʻliq ishga solish kerak. Toshkent qadimiy viloyat, tabiiy boyliklari, sanoati, yeru suvi boʻyicha katta viloyat. Men odamlar bilan koʻp uchrashaman, ular oʻzgarishlarni sezayapti, aytayapti. Lekin bu harakatlar davom etarmikan, yanada yaxshi boʻlarmikan, degan savol ham bor. Shuning uchun xalq bilan birga, mahallalardagi muammolarni hal etish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi korxonalar va ish oʻrinlarini koʻpaytirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Prezident Toshkent viloyati hokimi lavozimiga Zoyir Mirzayev nomzodini tavsiya etdi.

Z.Mirzayev 1968 yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan. Koʻp yillar moliya, iqtisodiyot sohalarida faoliyat yuritgan. Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga rahbarlik qilgan. Bosh vazir oʻrinbosari sifatida mamlakatimizning agrosanoat kompleksini boshqargan. U 2021 yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari nomzodni lavozimga tasdiqlashdan avval ochiq muloqot qilib, uning rejalarini eshitishni taklif etdi. Zoyir Mirzayev tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi va turizmni rivolantirish, infratuzilmani yaxshilash, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish boʻyicha takliflarini maʼlum qildi.

Prezidentimiz bu takliflarni maʼqullab, tashkiliy va moliyaviy jihatlari boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun bu yil qoʻshimcha ravishda 200 milliard soʻm, kelgusi yil uchun yana 850 milliard soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi. Bu soha past rivojlangan Piskent, Boʻka, Bekobod va Oqqoʻrgʻon tumanlari uchun Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan beriladigan kafillik miqdori kreditning 75 foizigacha oshirildi, 2025 yilgacha soliq imtiyozlari berildi.

Toshkent viloyatining sanoat salohiyati ulkan. Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron va Yangiyoʻl shaharlari yirik sanoat markazlariga aylanmoqda. Sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish uchun  250 milliard soʻm, charm-poyabzal va tekstil loyihalariga 30 million dollar ajratilishi qayd etildi. Angrenda farfor va keramika klasteri, Bekobod tumanida chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Hududning yer va suv resurslari ham zoʻr. Lekin mahsuldorlik shunga yarasha boʻlmayapti. Aslida, ishni toʻgʻri tashkil qilib, meva-sabzavot eksportini 2 baravar oshirish, 120 ming aholi bandligini taʼminlash mumkin.

Shu maqsadda 9 ming gektarni dehqon xoʻjaliklariga tarqatish, togʻoldi yerlarni oʻzlashtirish, meva va tok koʻchatxonalari tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Toshkent, Parkent, Yangiyoʻl va Qibray tumanlarida ishga tushiriladigan logistika markazlariga 50 million dollar, chorvachilikni rivojlantirishga 30 million dollar ajratilishi aytildi.

Toshkent viloyatida 1 ming 22 ta mahalla bor. Ulardagi infratuzilma oʻrganilganda, 840 ta mahallada ichki yoʻllar, 579 tasida ichimlik va oqova suv tarmogʻi, 589 tasida elektr va gaz taʼminoti, 396 tasida maktab, bogʻcha va poliklinikani taʼmirlash kerakligi aniqlangan. Davlatimiz rahbari bu masalalar aholi turmushi sifati, bolalar kamolotida muhimligini taʼkidlab, mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Viloyatdagi yana bir salohiyatli soha – turizm. Lekin sayyohlarning 80 foizi Boʻstonliq tumaniga boradi. Boshqa tumanlarda sharoit va xizmatlar past darajada. Shu bois Parkent, Angren va Ohangaronning togʻli joylarida turizm klasterlari tashkil etish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, aholini uy-joy bilan taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Nurafshonda universitet ochish, koʻp tarmoqli tibbiyot markazi qurish, taʼlim maskanlarini taʼmirlash vazifalari belgilandi.

Aholini uy-joy bilan taʼminlash uchun 100 milliard soʻm subsidiya ajratilishi, Zangiota tumanida “Yangi Oʻzbekiston” massivi barpo etilishi aytildi. “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturini joriy etish taklifi bildirildi.

Taqdimotdan soʻng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalarini muhokama qilib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi. Toshkent viloyati hokimini tayinlash masalasi ovozga qoʻyildi. Uning natijalariga koʻra, Zoyir Mirzayev Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz xalq vakillari yuksak ishonch bildirgan hokim oʻz faoliyatida adolat, halollik, fidoyilik va masʼuliyatni namoyon etib, Toshkent viloyati ahliga astoydil xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.