Olmaliq shahrida 15 oktyabr kuni Toshkent viloyati rivojining hozirgi holati va kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududdagi iqtisodiy-ijtimoiy natijalarni atroflicha tahlil qilib, qoʻshimcha imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.
Soʻnggi yetti yilda Toshkent viloyatida ham katta oʻzgarishlar boʻldi. Hudud iqtisodiyoti 1,5 barobarga oʻsib, oʻtgan yili 119 trillion soʻmlik qoʻshilgan qiymat yaratildi, tadbirkorlar 16 mingtaga koʻpayib, 170 ming doimiy ish oʻrni ochildi. 6 milliard dollarlik 826 ta yangi sanoat korxonasi ishga tushdi, 5 milliard dollarlik eksport boʻldi. Bularning natijasida oʻtgan toʻrt yilda 70 ming, bu yilning oʻzida 19 ming oila kambagʻallikdan chiqarildi.
Toshkent viloyati tuman va shaharlar soni boʻyicha respublikada birinchi oʻrinda turadi. Hududdagi davlat idoralarida salkam 10 ming xodim ishlaydi. 1 ming 25 ta mahallada 6 ming 123 nafar “mahalla yettiligi” bor. Bu ichki imkoniyatlarni ishga solib, shaharu qishloqlarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish uchun yetarli kuch ekani taʼkidlandi.
Shunday manzilli oʻrganishlar natijasida qoʻshimcha 13 milliard dollar investitsiya, 500 ming ish oʻrni, byudjetga 3,5 trillion soʻm tushum qilish imkoniyatlari aniqlangan. Bu imkoniyatlarni natijaga aylantirish uchun 22 ta tuman-shaharning har biri boʻyicha hukmatning alohida qarorlari chiqishi aytildi.
Viloyatda tadbirkorlik qilishga ishtiyoq kundan-kun oshayapti. Poytaxtdagi korxonalar ham infratuzilma yaqinligi, yer, mulk soligʻi, ishchi kuchi arzonligi uchun Toshkent viloyatidan joy qidirayapti. Shu bois Toshkent, Qibray, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Oʻrta Chirchiq tumanlari, Chirchiq va Nurafshon shaharlari poytaxt tumanlari bilan hamohang rivojlanishi kerakligi taʼkidlandi.
Masalan, Toshkent tumanida 97 gektarda industrial texnopark tashkil qilinadi. Unda tadbirkorlar va banklar ishtirokida 350 million dollarlik yuqori qoʻshilgan qiymatli loyihalar joylashtiriladi. Shuningdek, tumanda koʻp qavatli uylar, yangi sanatoriylar, sport va koʻngilochar maskanlar qurish imkoniyati bor.
Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari, Piskent va Ohangaron tumanlarining viloyat sanoatidagi ulushi 50 foizni tashkil qiladi. Ular yonma-yon joylashgan boʻlib, xomashyo zaxirasiga juda boy. Shu bois bu shahar va tumanlarda ishlab chiqarishni kooperatsiya va klaster asosida tashkil etish uchun mutlaqo yangi tizim – “sanoat uchburchagi” dasturi amalga oshirilishi aytildi.
Ushbu hududda 1 ming 100 ta korxona ishlayapti. Yangi loyihalar hisobiga 2-3 yilda ular 1,5 mingga yetadi. Bu kooperatsiya natijasida transport xarajati ham, tannarxi ham kamayadi.
Masalan, Olmaliq kombinati yiliga 9 trillion soʻmlik mahsulot xarid qilayapti. Bu – atrofda joylashgan 5 ta shahar va tuman uchun katta imkoniyat ekani koʻrsatib oʻtildi.
Umuman, yil yakunigacha xorijiy investitsiyalar hajmini 2 milliard dollarga va eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish, 661 ta loyihani yakunlab, 30 ming yangi ish oʻrni yaratish mumkinligi qayd etildi.
Mashinasozlik sohasidagi talabni toʻliq tahlil qilib, mahalliylashtirishni kengaytirish hamda yirik korxonalar bilan kooperatsiyasini kuchaytirish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Toshkent viloyatida yer va suv moʻl. Lekin 1 gektardan oʻrtacha daromad boshqa viloyatlarga nisbatan kam. Soʻnggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 57 ming aholiga berilgan.
Meva-sabzavot eksporti ham oʻtgan yilgicha boʻlmagan. 2 ming 200 gektar samarasiz bogʻ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yoʻqotilayapti. Suv tejovchi texnologiya boʻyicha Toshkent viloyati eng oxirgi oʻrinlarda.
Shu kabi kamchiliklar sababli viloyat hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari vazifasidan ozod etildi.
Bogʻdorchilik boʻyicha yangi tizim asosida Ohangaron va Boʻstonliqdagi togʻoldi yerlarda malina va golubika plantatsiyasi, Parkent va Ohangaronda uzum va gilos bogʻlari tashkil qilinishi aytildi. Angrenda anor sharbati ishlab chiqarish, Ohangaron tumanida olxoʻrini qayta ishlash yoʻlga qoʻyiladi. Bu yil ham Toshkent viloyatidagi oilalarga dehqonchilik va bogʻdorchilik uchun qoʻshimcha 5 ming gektar yer beriladi.
Umuman, viloyatni bogʻdorchilikda namunali hudud qilib, eksportni 300 million dollarga yetkazish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Yigʻilishda kambagʻallikni qisqartirish masalalari ham tahlil qilindi.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida 63 mingta kambagʻal oila qolgan boʻlib, ularning 190 ming nafar aʼzolari mehnatga layoqatli. “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili viloyatda 116 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish rejalashtirilgan.
Lekin bu yetarli emas. Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholini ishli qilish boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinda. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga toʻgʻri keladi. Shu bois tadbirkorlikni rivojlantirib, aholiga daromad manbai yaratish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Buning uchun bir yil ichida “Sayxunobod” tajribasi asosida 27 ming, “Zarbdor” tajribasi asosida 8,5 ming, “Uychi” tajribasi asosida 39 ming, “Gʻijduvon” tajribasi asosida 10 ming kambagʻal aholini band qilish vazifasi belgilandi.
Kichik tadbirkorlik loyihalari uchun ajratiladigan 1 trillion soʻm imtiyozli kredit va 32 milliard soʻm subsidiyalar natijasida 30 ming aholi tadbirkorlikka jalb qilinadi.
Keyingi paytlarda Toshkent viloyatidan xorijga arzon ishlarga ketganlar 30 mingga kamaygan. Lekin hali 158 ming kishi chet elda mehnat qilayotgani qayd etildi.
Endi Migratsiya agentligi faoliyati takomillashtirilib, aholini xavfsiz va yuqori daromadli ish bilan taʼminlash boʻyicha yangi yondashuvlar joriy etiladi. Chet elda mavsumiy ishlab qaytgan va yana ketish istagida boʻlgan kishilarga yuqori daromadli kasblar oʻrgatiladi. Kasb-hunari borlar xorijiy tillarga oʻqitiladi.
Goʻzal tabiati, qulay infratuzilmasi bor Toshkent viloyatida turizm salohiyati yuqori. Lekin taklifga nisbatan talab koʻp boʻlgani sababli narxlar qimmat. Turizm maskanlarini koʻpaytirib, xizmatlar hajmini 2 karra oshirish, 10 million sayyohni jalb qilish imkoniyati borligi qayd etildi. Mutasaddilarga kelgusi yil uchun 1,5 milliard dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.
Yigʻilishda qish mavsumiga tayyorgarlik, energiya isteʼmoli masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Yirik korxonalarda energiya sarfi yuqori uskunalarni tejamkoriga almashtirish, mahallalarni issiqlik bilan taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Toshkent viloyati, shahar va tuman hokimlari, tarmoq rahbarlari yigʻilishdan xulosalari va kelgusi rejalari yuzasidan axborot berdi. Davlatimiz rahbari aholi vakillari bilan samimiy muloqot qildi.