Toshkent xalqaro investitsiya forumi yangi biznes imkoniyatlarini kashf etadi

0
32
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻtgan yili ilk bor oʻtkazilgan forum ishbilarmon doiralar tomonidan yuqori baholangan edi va u yaxshi anʼanaga aylanib bormoqda. Bu yilgi anjumanda Qirgʻiz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Olga Algayerova, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy, Vengriyaning iqtisodiy taraqqiyot vaziri Marton Nad, ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abdulla Abunayyan qatnashmoqda. Umuman, forumda 70 mamlakatdan 2 ming 500 ga yaqin biznes va moliya sohasi vakillari ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida barcha ishtirokchilarni qutlab, bu forum ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga, yangi biznes imkoniyatlarini kashf etishga xizmat qilishini taʼkidladi. Mamlakatimizda iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, biznesga keng yoʻl ochish, bu borada qonun ustuvorligi va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash boʻyicha qilinayotgan ishlar qayd etildi.

Jumladan, qulay fiskal tizim yaratildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 12 foizga tushirildi. Xorijiy investorlar aksiyalaridan oladigan dividendlar uch yil muddatga foyda soligʻidan ozod qilindi. Muhimi – soliq va bojxona qonunlariga yangi yoki ogʻirlashtiruvchi javobgarlik choralari kiritilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi.

Tashqi savdo erkinlashtirilmoqda. Xususan, investorlar uchun zarur boʻlgan 7 mingdan ziyod xomashyo va tovarlarga bojxona bojlari bekor qilindi. Bojxona hududida qayta ishlashning soddalashgan tartibi joriy etildi. Yangi-yangi bozorlarga kirish maqsadida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish jarayoni jadallashtirilmoqda.

Ijro hokimiyati tizimi isloh qilinib, byurokratiya kamaytirildi. Davlatning biznesni tartibga solishga qaratilgan 500 ta funksiyasi bekor qilindi, 70 tasi xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik va autsorsing asosida oʻtkazildi.

Hozirgi kunga qadar 132 ta litsenziya va ruxsat berishga oid hujjatlar bekor qilindi, 33 tasi boʻyicha xabardor qilish tartibi kiritildi.

Eng muhimi – ushbu islohot doirasida investorlar bilan ishlashning yaxlit tizimi joriy qilindi. Investitsiya, sanoat va savdo vazirligida loyiha tashabbusidan boshlab, to uni ishga tushirishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda investorlarga “yagona darcha” orqali koʻmaklashish yoʻlga qoʻyildi.

Investorlar masalalarini tezkor hal etish, ularning davlat rahbari bilan bevosita muloqotini yoʻlga qoʻyish maqsadida Prezident huzurida Xorijiy investorlar kengashi ish boshladi.

Ishbilarmonlar huquqlarining himoyasi kuchaytirildi. Chet ellik investorlar uchun koʻchmas mulk sotib olish, Oʻzbekistonga kelib-ketish va yashash shartlari keskin soddalashtirildi.

Investorlar huquqlarini himoya qilish borasida maʼmuriy sudlarga katta vakolatlar berildi. Bundan buyon, tadbirkor va investorlar sudda oʻz talabining toʻgʻriligini isbotlashi shart emas. Endi, davlat idorasi oʻz qarorining qonuniyligini isbotlab berishga majbur boʻladi. Yuzaga kelgan har qanday noaniqliklar esa investorlar foydasiga hal qilinadi. Bu yil yurtimizda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Bunday iqtisodiy imkoniyatlar va kafolatlar oʻz natijasini bermoqda. Bir yilning oʻzida mamlakatimizda 100 mingga yaqin yangi korxona tashkil qilingan. Kiritilgan xorijiy sarmoyalar hajmi 10 milliard dollarga yetdi yoki 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshgan.

Prezident bu ishlar jadal davom ettirilishini taʼkidladi. Yaqin kunlarda umumxalq referendumiga qoʻyilayotgan yangi Konstitutsiyada buning huquqiy asoslari belgilanmoqda. Jumladan, davlat qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha oʻziga majburiyatlar olmoqda.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtdi.

Birinchisi, “yashil iqtisodiyot”. Mamlakatimizda jahonning eng nufuzli kompaniyalari quyosh va shamol elektr stansiyalari loyihalarini amalga oshirmoqda. Shu yilning oʻzida 2 ming Megavattdan ziyod, keyingi yilda esa, 8 ming Megavattli quvvatlar ishga tushadi.

 “Yashil iqtisodiyot” sanoatning yangi yoʻnalishlariga ham turtki bermoqda. Bu – investorlar uchun 8 milliard dollarlik imkoniyat, degani.

Ikkinchi yoʻnalish, davlat-xususiy sheriklik. Islohotlar natijasida, oldinlari “yopiq” boʻlgan tarmoqlarga xususiy investitsiyalar faol kirib kelmoqda. Masalan, avval 100 foiz davlat tarmogʻi hisoblangan aviatsiya sohasida xususiy sektorga keng yoʻl ochildi. Shu bilan birga, tez oʻsib kelayotgan axborot texnologiyalari, turizm, taʼlim, tibbiyot kabi sohalarda Oʻzbekiston mintaqaviy xabga aylanib bormoqda.

Umuman, bu yil davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish boʻyicha 14 milliard dollarlik alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Ular davlat uchun muhim boʻlgan transport, kommunal va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash kabi tarmoqlarni qamrab olgan.

Uchinchi yoʻnalish, davlat mulkini xususiylashtirish. Joriy yilda bu boʻyicha “1 ming, 1 ming, 40” dasturi qabul qilindi. Yaʼni, mingta korxonadagi davlat ulushlari hamda yana mingta davlatga tegishli koʻchmas mulk obyektlari ochiq auksion savdolariga chiqariladi, 40 ta strategik korxona “IPO”ga olib chiqiladi.

Toʻrtinchi yoʻnalish, industrial rivojlanish. Bugungi kunda Oʻzbekiston toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektr texnikasi, mashinasozlik tarmoqlarida yetarli xomashyo va malakali kadrlarga ega. Bu sohalarda ishlab chiqarish va eksportni 2 barobar oshirish uchun yetarli imkoniyatlar bor. Buning uchun yirik brendlar bilan hamkorlik, tashqi bozorlarga chiqish, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar kerak.

Beshinchi yoʻnalish, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik. Hozirda qoʻshma investitsiya fondlari tashkil qilinib, sanoat, energetika, transport va suv xoʻjaligi sohalarida yirik mintaqaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini toʻldirishini inobatga olib, sanoat va agro kooperatsiyalarini davom ettirish zarur.

Prezidentimiz Oʻzbekiston investorlar uchun huquqiy kafolat, alohida texnopark va sanoat zonalari, qoʻshimcha imtiyozlar berishga tayyorligini bildirdi.

– Muloqotlar orqali Yangi Oʻzbekistondagi biznes uchun beqiyos imkoniyatlarni kashf qilasizlar. Sizlar oʻzingiz istagan tinchlik va barqarorlik, qulay investitsiya muhiti hamda zarur kafolatlarni aynan bizning yurtimizda topasiz. Yangi Oʻzbekiston Sizning biznes faoliyatingizda alohida yorqin iz qoldiradigan makon boʻlib xizmat qiladi, deb ishonaman, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. 

Sessiya davomida xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari soʻzga chiqib, Oʻzbekistonga investitsiya kiritish istiqbollari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Forumning shoʻba majlislarida jahon iqtisodiyotining retsessiya ehtimollari, zamonaviy monetar siyosat, savdoni moliyalashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiyotni raqamlashtirish, transport va muqobil energetikaga investitsiya kiritish mavzulari muhokama qilinadi. Shuningdek, xalqaro moliya markazlar tashkil etish tajribasini tatbiq etish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim, turizm sohalarini hamda elektron tijoratni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Forum doirasida xorijlik sheriklarga Oʻzbekiston hududlarining investitsiya salohiyati va 160 dan ortiq yirik loyihalar taqdimot qilinadi. Investitsiya va savdo bitimlarini imzolash marosimlari boʻladi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi 28 aprel kuni yakunlanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.