Toshkentda noyabr-dekabr oylarida “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida Yoshlar oyligi oʻtkaziladi.
Bugun poytaxt hokimligida ushbu keng qamrovli tadbir oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev ishtirok etgan tadbirda ommaviy axborot vositalari va internet jurnalistikasi vakillari qatnashdilar.
J. Ortiqxoʻjayev dastlab «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»ning oʻtgan toʻqqiz oyi mobaynida poytaxtda amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Taʼkidlanishicha, navqiron avlodga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ular tashabbuslarining qoʻllab-quvvatlanayotganligi mamlakatimizda yoshlarga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilayotganligining amaliy isbotidir.
Joriy yilda ham bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, 30 iyun Yoshlar kuni sifatida keng nishonlandi, shahar markazida barpo etilgan Besh tashabbus shaharchasida yoshlar forumi, “Botanika” bogʻida “Oʻzbekiston talaba va yoshlari” forumi uyushtirildi. Yaqinda yana bir loyihaga start beriladi. “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida “Yoshlar oyligi” tadbirini oʻtkazish moʻljallanmoqda. Bundan maqsad yigit-qizlarda yurtimizda kechayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, tashabbuskor va isteʼdodli yoshlarni aniqlash, ularning oʻz iqtidorlarini namoyon etishiga imkon yaratish, yosh avlodning ilm-fanga, ijodga, madaniyat va sanʼatga, sportga boʻlgan qiziqishini oshirish, talaba va bitiruvchilar, uyushmagan yoshlarning jamiyatda munosib oʻrin topishlariga koʻmaklashishdan iborat.
Yoshlar oyligi doirasida 6 ta yoʻnalishda yirik loyihalar oʻtkaziladi. Xususan, “Yoshlar sport festivali”, “Intellektual loyihalar festivali”, “Yoshlar madaniyat va sanʼat festivali”, “Anʼanaviylik va zamonaviylik” moda va dizayn koʻrgazmalari, “Tajriba va mahorat”, “Toshkent harbiy vatanparvarlik festivali” loyihalari shular jumlasidandir.
Matbuot anjumani davomida shahar hokimi J.Ortiqxoʻjayev jurnalistlarni qiziqtirgan bir qator savollariga javob berdi. Shuningdek, tadbirda oliy oʻquv yurtlaridan tashrif buyurgan iqtidorli yigit-qizlarning takliflari eshitilib, qoʻllab-quvvatlandi. Jumladan, Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn instituti talabasining iqtidorli yoshlar koʻrgazmasini tashkil etish, Toshkent yuridik universiteti talabasining yoshlarning ZOOM dasturi orqali oʻtkaziladigan xalqaro seminarda ishtirok etishi toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi.