Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi yangilangan koʻcha ochildi

0
86
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 21 iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Ozarbayjon Prezidentining davlat tashrifi Haydar Aliyev nomidagi yangilangan koʻcha va uning yodgorligi ochilishidan boshlandi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi.

Yigʻilganlar oldida nutq soʻzlar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning umummilliy yetakchisi va birodar ozarbayjon xalqiga oʻz hurmat-ehtiromini bildirdi.

— Prezident Ilhom Aliyevning Oʻzbekistonga tashrifi Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi, oʻzbek xalqining yaqin doʻsti Haydar Aliyev sharafiga nomlangan koʻchaning ochilish marosimidan boshlangani katta ramziy maʼnoga ega.

U kishi XX asrning atoqli siyosiy va davlat arbobi, mustaqil Ozarbayjonning asoschisi sifatida tarixga kirdi. Haydar Aliyevning qatʼiyati, kuchli siyosiy irodasi va beqiyos yetakchilik sifatlari tufayli yosh suveren davlat barcha qiyinchilik va sinovlarni munosib yengib oʻtdi, — dedi Prezidentimiz.

Oʻzbekiston rahbari Ozarbayjon umummilliy yetakchisi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari va qardosh xalqlarimizning tarixiy rishtalarini izchil mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshganini alohida taʼkidladi.

Ozarbayjon Prezidenti, oʻz navbatida, ushbu tashrif uning pandemiyadan keyingi ilk xorijiy tashrifi ekanini qayd etib, davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqiga Haydar Aliyevning yorqin xotirasini asrab-avaylashga qaratilayotgan doimiy eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.

— Aziz qardoshim Shavkat Miromonovichdan Toshkent markazida otam Haydar Aliyev xotirasiga bagʻishlab shunday koʻrkam goʻshani barpo etish tashabbusi uchun juda minnatdorman.  Biz buni oʻzbek qardoshlarimizning buyuk yetakchimizga, umumiy tariximizga chinakam birodarona munosabati sifatida qabul qilamiz. Bu butun Ozarbayjon xalqiga xurmat ifodasi hamdir, — dedi Ozarbayjon yetakchisi.

Marosimda ziyolilar, nuroniylar, ozarbayjon yurtdoshlarimiz ham soʻzga chiqdi. Ular Haydar Aliyev nomidagi obod koʻcha va hiyobon qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlikning yorqin ramzi ekanini taʼkidladilar.

Oʻzbekistonda ozarbayjon millatiga mansub 40 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz istiqomat qilmoqda. 2003 yilda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan. 2010 yilda Ozarbayjon elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining yangi binosi ochilgan.

Shundan soʻng Ozarbayjon Prezidenti davlatimiz rahbari hamrohligida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qoʻydi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.