Toshkentda Prezident maktabi ochildi

0
528
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Barcha sohalarda ilgʻor taraqqiyot yoʻlidan borayotgan va yuksak marralarni qoʻyayotgan yurtimiz uchun har tomonlama yetuk kadrlar kerak. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tomonidan qator farmon va qarorlar qabul qilinib, bunga zamin yaratildi. Maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim va oliy taʼlim tizimi mazmunan va sifat jihatidan yangilanib bormoqda.

Mamlakatimizda tashkil etilayotgan Prezident maktablari yangi avlod kadrlarini tarbiyalashda muhim asos boʻlishi shubhasiz. Chunki bu oʻquv maskanlari iqtidorli bolalarni aniqlash, ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda ularga saboq berish va tarbiyalash boʻyicha yaxlit tizim boʻladi. Taʼlim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ingliz tilida olib boriladi.

Shunday maktablarning birinchisi poytaxtimizda foydalanishga topshirildi. 168 oʻringa moʻljallangan maktab binosi va yotoqxona, 15 oʻrinli oʻqituvchilar mehmonxonasi yuksak darajada bunyod etildi.

Joriy yilda maktabning 5-10-sinflari uchun hujjat topshirgan 7 mingga yaqin oʻquvchidan 144 nafari oʻqishga qabul qilindi. Kanadaning “Teachaway” va Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy oʻqituvchi ham jalb qilindi. Taʼlimda STEAM yondashuviga oid darslik va oʻquv qoʻllanmalari olib kelindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.

— Bu hayotingizdagi birinchi sinov boʻldi. Mehnat, bilim, adolat nima ekanini koʻrdingiz. Sizlarni shunday nufuzli maktabga munosib boʻlganingiz bilan chin yuragimdan tabriklayman. Siz endi Oʻzbekistonning “oltin fondi”sizlar, — dedi Prezident. — Xalqning, mamlakatning buyukligini tarannum etadigan narsalar koʻp. Lekin eng afzali bilim bilan namoyon etish. Yoshlarimiz orasidan Xorazmiylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar chiqishiga barcha asoslarimiz bor. Bugun tarixiy kun. Ilgari yurtimizda bunday sharoit boʻlmagan. Endi chet eldan nufuzli mehmonlar kelsa, katta-katta zavodlarni emas, Prezident maktablarini koʻrsatamiz. Sizlar bilimingiz, yurish-turishingiz, vatanparvarligingiz bilan hamma yoshlarga namuna boʻlishingiz kerak. Kelgusida Oʻzbekiston taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatadigan kuch boʻlasizlar.

Maktab oʻquvchilari zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish bilan birga milliy oʻzligimizni chuqur anglashi, tariximiz va ona tilimizni mukammal bilishi shartligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari pedagoglar bilan ham muloqotda boʻldi.

— Yuragimdagi gapimni bilishlaringizni xohlayman: men sizlarga eng katta boyligimni ishonib topshiryapman. Bolalarimizning koʻzini, bilimini, gʻurur-iftixorini koʻrib, yoʻlimiz toʻgʻri ekaniga ishonch hosil qildim. Islohotlarimizga, farzandlarimiz tarbiyasiga yelkadosh boʻlganingiz uchun sizlarga minnatdorlik bildiraman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻquvchilarning ota-onalari va ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda Oʻzbekistonda uchinchi renessans davri boshlanayotgani taʼkidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident maktabining faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi, maktabning ilk oʻquvchi va oʻqituvchilari bilan suratga tushdi.

Prezident maktablari joriy yilda Nukus, Xiva va Namangan shaharlarida ham ochiladi. 2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Fargʻona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.