Toshkentda yana bir suv sporti saroyi ochildi

0
80
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida bunyod etilgan suv sporti saroyini koʻzdan kechirdi. 

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli mazkur majmua suv sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgan. Eʼtiborlisi, bu yerda ham professional sportchilar, ham havaskorlar uchun sharoit yaratilgan.

50 metrli basseyn va 500 oʻrinli tomoshagohga ega katta zalda xalqaro miqyosdagi musobaqalar, terma jamoamizning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun zamonaviy sharoitlar bor. Balandlikdan sakrash va kichik havzalarda bolalar suv sportini oʻrganadi. 

Majmuada yoshlar, mehnat jamoalari va faxriylar salomatliklarini mustahkamlashi mumkin. U bir vaqtning oʻzida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega.

Ikkinchi qavatda maʼmuriyat va murabbiylar xonasi, konferensiya zali, trenajyor xonasi hamda sport sharhlovchilari uchun maxsus xonalar joylashgan. 

Majmua negizida Suv sporti maktabi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari bu yerda yosh sportchilarning mashgʻulotlarini kuzatdi. Ularning intilishlarini qoʻllab-quvvatlab, ulkan yutuqlarga ruhlantirdi.

Bu yil Parij shahrida oʻtkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidan 13 nafar sportchi litsenziya qoʻlga kiritgan. Prezidentimiz mazkur sportchilar va murabbiylar bilan suhbatlashdi.

— Shaharu qishloqlarda sport majmualari qurib, uni ommalashtirishga katta eʼtibor berayamiz. Chunki sport bilan shugʻullangan yoshlar kam boʻlmaydi, sogʻlom boʻladi, bolalariniyam shunday tarbiyalaydi. Sizdek professional sportchilar bu yoʻlda yoshlarga ham iftixor, ham oʻrnak boʻladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.