Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yilning 17 avgust kuni “Toshkent shahri umumtaʼlim maktablari faoliyatini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni qabul qildi. Bu haqida Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
2019-2020 yillarda Toshkent shahrida yangi maktablar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash hamda jihozlash uchun 800 mlrd. soʻm mablagʻ ajratiladi.
2018-2019 oʻquv yilida Toshkent shahrining 309 004 nafar oʻquvchi oʻrniga ega 303 ta umumtaʼlim maktabida jami 409 703 nafar oʻquvchi tahsil olgani holda oʻrtacha navbatlilik darajasi 1,4 %ni tashkil etgan.
2019-2020 oʻquv yili uchun umumtaʼlim maktablarining 1-sinflariga keladigan oʻquvchilar hisobiga Toshkent shahri umumtaʼlim maktablarida taʼlim olishi kutilayotgan oʻquvchilar soni 450 ming nafarga yetadi. Natijada umumtaʼlim maktablarida qoʻshimcha 140 ming oʻquvchi oʻrniga ehtiyoj yuzaga keladi.
Hozirgi kunga kelib, Toshkent shahrida 266 ta umumtaʼlim maktabining navbatlilik darajasi normal, qolgan 37 tasida esa joylashuv oʻrnining nomutanosibligi natijasida navbatlilik darajasi normal darajada emas, ayrimlarida 2 dan yuqoriligicha qolmoqda.
Qarorga koʻra, 2019 yilda poytaxtda maktablar qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash uchun 400 mlrd. soʻm ajratilmoqda. Qaror bilan 2019 yilda rekonstruksiya qilinadigan 10 ta maktab va taʼmirlanadigan 40 ta taʼlim muassasasi roʻyxati ham tasdiqlandi. Ularning quvvati 57,01 mingni tashkil etib, ularda 69,22 ming nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Ushbu roʻyxatda, jumladan, Toshkent shahridagi qurilganidan beri biron marotaba investitsiya dasturiga kiritilmagan 16 ta maktab ham kiritilgan.
Jumladan, 367,95 mlrd. soʻmga yaqin mablagʻ qurilish-tiklash ishlariga yoʻnaltiriladi va 32,05 mlrd. soʻm investitsiyalar maktablarni jihozlashga sarflanadi.
2020 yilda umumtaʼlim muassasalarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash hamda jihozlash uchun yana 400,0 mlrd soʻm ajratish rejalashtirilgan.
Ikki oy muddatda 2020 yilda ajratiladigan 400 mlrd soʻm mablagʻ hisobidan yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, kapital taʼmirlanadigan va jihozlanadigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining manzilli roʻyxati shakllantiriladi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Toshkent shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab, Toshkent shahridagi oʻquvchilar soni quvvatiga nisbatan kam boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarini oʻquvchilar soni quvvatiga nisbatan ortiq maktablarga tarmoq maktab sifatida biriktiriladi. Qarorda taʼkidlanishicha, yangi oʻquv yilida 9 ta tarmoq maktablari tashkil etiladi.
Toshkent shahridagi faoliyati tugatilayotgan beshta akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining bino va inshootlari, tegishli hududidagi yer maydonlari, balansida mavjud barcha moddiy qiymatga ega jihoz va uskunalari operativ boshqarish huquqi bilan xalq taʼlimi tizimi tasarrufiga beriladi. Ular negizida maktablar tashkil etiladi.
Hujjatga koʻra, Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Xalq taʼlimi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obyektlari sifatini monitoring qilish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha va Xalq taʼlimi vazirligining “Oʻquv taʼlim-taʼminot” davlat unitar korxonasi jihozlash ishlari boʻyicha buyurtmachilar etib belgilandi.
2019 yil 1 sentyabrdan boshlab qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ilgʻor mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda, zamonaviy hamda xalqaro standartlarga javob beradigan talablar asosida ishlab chiqilishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik va xususiy shaklda nodavlat taʼlim muassasalari tarmogʻini yanada kengaytirish choralarini koʻrishi, bunda 2020 yildan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy oʻrta taʼlim maktablarini xususiy sektor vakillariga qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, jihozlash, boshqarish, foydalanish va saqlash uchun berish usullarini amaliyotga joriy qilinadi.
Moliya vazirligi Toshkent shahar hokimligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda xususiy sektor vakillariga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, shuningdek, xususiy shaklda berilgan umumtaʼlim maktab oʻquvchilarining taʼlim olishlari bilan bogʻliq xarajatlarni byudjetdan moliyalashtirish tartibini ishlab chiqib, belgilangan tartibda amaliyotga joriy qiladi.
Xalq taʼlimi vazirligiga Iqtisodiyot va sanoat hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari birgalikda 2019 yilning 1 dekabriga qadar Toshkent shahridagi umumtaʼlim maktablarini oliy maʼlumotli kadrlar bilan toʻldirish, oliy toifali oʻqituvchilar sonini oshirish, bir nafar oʻqituvchiga toʻgʻri keladigan oʻrtacha oʻquvchilar ulushini bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga moslashtirish boʻyicha dasturni ishlab chiqish boʻyicha vazifalar yuklandi.
Xalq taʼlimi vazirligi 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida pedagogika sohasiga moyilligi, qiziqishi boʻlgan yuqori sinf oʻquvchilari uchun kasbga yoʻnaltirish ishlarini jonlantirish maqsadida “Yosh pedagog sinflari”ni tashkil etadi.