Transplantologiyani rivojlantirish choralari muhokama qilindi

0
57
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 sentyabr kuni xirurgiya xizmatini transformatsiya qilishga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yurtimizda yiliga oʻrtacha 750 mingta jarrohlik amaliyoti bajariladi. Jahon tibbiyoti yutuqlari oʻrganilib, zarur sharoitlar yaratilayotgani natijasida respublika markazlarida qilinadigan operatsiyalar turi 350 taga, viloyat markazlarida 130 taga, tuman shifoxonalarida 60 taga yetdi. 32 ta shifoxonada zamonaviy endovaskulyar xirurgiya boʻlimlari tashkil etilgan.

Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bu yoʻnalishdagi asosiy muassasadir. Hududlarda uning 14 ta filiali faoliyat yuritmoqda.

Taqdimotda ushbu markazning tibbiy-ilmiy salohiyati, hududlarda oʻtkazilgan koʻriklar natijalari haqida maʼlumot berildi.  

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili munosabati bilan qabul qilingan davlat dasturida tuman va shahar tibbiyot birlashmalari negizida 35 ta tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilishi belgilangan edi. Shu maqsadda joriy yil 26 iyulda davlatimiz rahbarining “Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Bugungi kunda ushbu markazlar bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Ularning har biri 50 oʻringa ega boʻladi. Zamonaviy jihozlanadigan bu markazlar yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini tumanlarning oʻzida bajarish imkonini beradi.

Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi shifoxona misolida koʻrib chiqildi. U Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlari aholisiga xizmat koʻrsatadi. Prezidentimiz qaroriga muvofiq, markaz yaqinda 1 million dollarlik asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Hozirgi paytda telemeditsina muloqotlari tashkil etilib, shifokorlar malakasi oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tumanlararo markazlarda qilinadigan jarrohlik amaliyotlari turini 79 taga, viloyat darajasida 168 tagacha yetkazish mumkinligini taʼkidlab, buning uchun zarur sharoit yaratish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Bugun eng kerakli yoʻnalishlardan biri – organlar transplantatsiyasi. Keyingi yillarda bu sohaga alohida eʼtibor qaratilib, huquqiy-tashkiliy asoslar yaratilmoqda. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida kardiojarrohlik, transplantologiya va neyro-qon-tomir jarrohligi boʻlimlari uchun yangi bino qurilmoqda.

Yurtimizda 500 nafar bemor jigar, 1 ming 500 nafar kishi buyrak transplantatsiyasi amaliyotiga muhtojligini bildirmoqda. Jarrohlik boʻlimlarining jihozlanishi talab darajasida emasligi, malakali mutaxassislar yetishmasligi, immunogenetik tekshiruvlar laboratoriyasi yoʻqligi soha rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu bois Respublika xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini transplantologiyaga yoʻnaltirib, immunogenetik laboratoriya va simulyasion markaz tashkil etish, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida buyrak transplantatsiyasini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari ilgʻor texnologiyalar asosida tashxislash, operatsiya qilish va davolash boʻyicha mutaxassislar tayyorlash,chet ellardagi yetakchi tibbiyot muassasalariga malaka oshirishga yuborish zarurligini taʼkidladi.

Moliya vazirligiga bu maqsadlar uchun zarur mablagʻ ajratish, transplantolog jarrohlarga ish haqini tabaqalashtirilgan tarzda toʻlash tizimini joriy qilish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.