Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Transport infratuzilmasi kengligi va qulayligi mamlakat rivojini koʻrsatuvchi, unga qoʻshimcha impuls beruvchi muhim omil. Yurtimizda bu sohada koʻplab loyihalar amalga oshirilib, avtomobil, aviatsiya, temir yoʻl, metropoliten kabi barcha tarmoqlarda yangi obyektlar ishga tushirildi.
Shunday loyihalardan yana biri – «Toshkent-Sharqiy» aeroportining yangilanishi. Davlatimiz rahbari oʻtgan oyda uning qurilishini borib koʻrgan edi. Unda berilgan topshiriqlar asosida majmua bosh rejasi samaradorlik jihatidan takomillashtirildi. Xususan, aeroport hududi 130 gektarga qisqartiriladi. Buning evaziga uni saqlab turish xarajatlari ham kamayadi.
Hozirda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi qurib boʻlingan. Bu yerda 2 ta – yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya terminali boʻladi. 25 ta samolyot uchun turargoh, angarlar, maʼmuriyat va xizmat koʻrsatish binolari barpo etiladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qoʻnishni taʼminlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.
Toshkent shahri rivojlangani sari aholi soni ham, ularning faolligi ham oshib bormoqda. Buni shaxsiy avtomobillar koʻpayib borayotganida ham koʻrish mumkin. Lekin, shu bilan birga, shahar koʻchalarida tirbandlik ham ortmoqda.
Maʼlumki, bu muammoni hal etishning yoʻli – jamoat transportini rivojlantirish, unda yurishni avtomobil haydashdan koʻra qulay qilish. Shu maqsadda, Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, Toshkent shahriga yangi avtobus va elektrobuslar olib kelindi. Yoʻlovchi tashish quvvati oshib, jamoat transportining oraliq vaqti qisqardi.
Shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent metropolitenining oxirgi va serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Maqsad – odamlar shaxsiy avtomobilini shu yerda qoldirib, shahar ichkarisiga jamoat transportida borishiga sharoit yaratish.
Shuningdek, taqdimot davomida mamlakatimizda energetika quvvatlarini oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Jumladan, poytaxtimizda elektr energiyasi tarmoqlarining favqulodda holatlarga bardoshliligini mustahkamlash hamda muqobil energiya manbalarini integratsiya qilish choralari koʻrilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya tarmogʻida jami quvvati 13 ming 777 megavattlik 33 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi infratuzilmasini takomillashtirish va ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, zaxira quvvatlar hosil qilish, isteʼmolni aqlli boshqarish boʻyicha ish olib borilmoqda.
Taqdimotda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish koʻrsatkichlari va rejalari toʻgʻrisida ham axborot berildi.
Bugungi kunda poytaxtimiz iqtisodiyotining 34 foizdan ziyodi sanoat hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻtgan yili 110 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ayniqsa, oziq-ovqat, metallurgiya, toʻqimachilik tarmoqlarida oʻsish yuqori boʻlgan.
Bu sohadagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida “Yangihayot” industrial texnoparkini klaster tizimiga oʻtkazish taklifi bildirildi. Uning maydoni 500 gektar boʻlishi, 810 ta korxona joylashtirilishi va 100 mingta ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan. Klaster tizimi yoʻlga qoʻyilishi natijasida ishlab chiqarish sifati oshib, transport xarajatlari va tannarxni kamaytirishga erishiladi.