Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni Toshkent shahrining transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimiz taraqqiy etgani sari shaharlar har tomonlama oʻsib bormoqda. Poytaxtimizda ham zamon talablaridan kelib chiqib, yangi yoʻl va koʻpriklar qurilmoqda, transport yoʻnalishlari kengaytirilmoqda.
Soʻnggi yillarda Toshkent shahrida yangi metro yoʻnalishlari qurilib, aholi uchun katta qoʻlayliklar yaratildi. Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish maqsadida “Buyuk ipak yoʻli” bekatidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha yerosti yoʻli hamda yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Taqdimotda shu boradagi loyiha takliflari koʻrib chiqildi. Masalan, yangi yerosti yoʻlini Mirzo Ulugʻbek koʻchasi yoki Buyuk ipak yoʻli koʻchasi orqali olib oʻtish ustida ishlanmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, birinchi holatda yoʻl uzunligi 8,6 kilometr, kunlik yoʻlovchilar soni 62 ming boʻladi. Ikkinchi variantda esa masofa salkam 8 kilometr boʻlib, kuniga 55 ming kishiga xizmat koʻrsatilishi mumkin. Qurilish ishlari besh yilga moʻljallangan.
Yerusti metrosining ikkinchi bosqichi ham muhim loyiha. Unga koʻra, Qoʻyliq dahasidan Sergeli yoʻlining 5-bekatigacha 11 kilometrdan ziyod estakada quriladi. Bekatlar soni ettita boʻlishi, kuniga 38 ming yoʻlovchi tashilishi kutilmoqda.
Yana bir loyihaga koʻra, Bobur koʻchasidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yoʻl oʻtkazgichi kengaytirilib, yonida halqa shaklida aylanma koʻprik qurish koʻzda tutilgan.
Taqdimotda ushbu loyihalarning texnik-iqtisodiy masalalari muhokama qilinib, davlatimiz rahbari loyihalarni qulaylik, xavfsizlik va sifat jihatidan takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berdi.