Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 noyabr kuni temir yoʻl va aviatsiya sohasidagi davlat kompaniyalarida transformatsiya jarayonlarining borishiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Ham iqtisodiy samaradorlik, ham odamlarga qulaylik nuqtai nazaridan bu sohada katta oʻzgarishlar qilinmoqda. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 6 ta mustaqil korxona tashkil etildi. 1 ming 200 ta yangi yuk vagoni olindi, ichki yoʻnalishda yuk tashish vaqti 2 karra kamaydi.
Raqamlashtirish natijasida vagonga buyurtma berish 7 bosqichdan 3 bosqichga, bunga ketadigan vaqt 72 soatdan 12 soatga qisqardi. Toshkent atrofida poyezdlarni oʻtkazish imkoniyati 30 foizga oshdi. Ilgari zarar bilan ishlagan aksiyadorlik jamiyati bu yil 30 milliard soʻm foydaga chiqayapti.
Aviatsiya sohasidagi kompaniyalarda ham oʻsish bor. “Uzbekistan Airways” tizimida aviaqatnovlar 25 foiz koʻpaydi. Mahalliy yoʻnalishlarda samolyotlar soni 8 taga yetib, ichki qatnovlar 2,5 barobarga oshdi. Markaziy Osiyodagi xalqaro tashuvlarda milliy aviakompaniyamiz ulushi 20 foizga yetdi. Yillik yoʻlovchi tashish koʻrsatkichi 6 million nafardan oshishi kutilmoqda.
“Uzbekistan Airports” samolyotlar, yuk va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatmoqda. Aeroportlar boshqaruviga xususiy sektor jalb qilingani samara berayapti. Dunyodagi 44 ta aviakompaniya yurtimizga parvozni amalga oshirayapti. Aeroportlar orqali yuk tashish hajmi ham bu yil 22 foizga oshishi koʻzda tutilgan.
Lekin hali vazifalar koʻp. Transport yoʻllari qanchalik muhimligini dunyodagi murakkab vaziyat ham koʻrsatayapti.
Shu bois yoʻnalishlarni diversifikatsiya qilish, tashish jarayonlarini tezlashtirish, transport xizmatlari tannarxini pasaytirish juda muhim.
Yigʻilishda shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
– Mamlakatimizda iqtisodiyot, savdo aloqalari yildan yilga rivojlanayapti. Aholi daromadi, hududlarning turizm salohiyati ham oshayapti. 2030 yilga borib, yalpi ichki mahsulotimiz hajmini 200 milliard dollarga yetkazish maqsadini qoʻydik. Shuning uchun transport “arteriya”lariga alohida ahamiyat berishimiz kerak, – dedi Prezident.
Buning uchun barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratib berilmoqda. Hozirgacha sohada 25 yil oldin qabul qilingan qonun boʻyicha ish yuritib kelinar edi. Shu jihatdan, bugun yangi tahrirda imzolangan “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi qonun tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Bu sohaga xususiy kompaniyalar va investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilmani rivojlantirishga keng yoʻl ochadi.
Endi soha rahbarlari ish uslubi va yondashuvlarini keskin oʻzgartirib, natijani taʼminlashi zarur. Buning uchun, avvalo, sohada transformatsiyani jadallashtirish, qurilish va modernizatsiya loyihalarini sifatli bajarish lozim. Xalqaro kredit reytingi olish, davlat kafolatisiz mablagʻ jalb qilish, investitsiyalarni samarali ishlatish ham muhim vazifalar qatorida.
Oʻzbekiston havo yoʻllari hali aholini rozi qiladigan darajaga yetgani yoʻq. Xalqaro reyting olib, tashqi bozorga chiqish kechikayapti. Oqibatda tannarx yuqoriligi uchun chipta narxida sezilarli oʻzgarish yoʻq. Xarajatlarni qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar ijrosi sust.
Shu bois konsalting kompaniyasi jalb qilib, transformatsiya boʻyicha aniq dastur va “yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
“Uzbekistan Airports” tizimida asosiysi – xizmatlarni koʻpaytirish va xususiy sheriklikni kengaytirish. Samarqand aeroporti xususiy boshqaruvga berilgach, parvozlar va yoʻlovchilar soni 5 barobar oshgan. Endi Namangan, Andijon, Buxoro va Urganch aeroportlarida ham shunday maqsad koʻzlangan. Yil yakunigacha aeroportlarda qoʻshimcha xizmatlarni 2 karra koʻpaytirish, daromadni 25 foiz oshirish moʻljallangan.
Xalqaro bozordan mustaqil resurs jalb qilish, Navoiy aeroporti terminalidan toʻliq foydalanish choralari belgilandi.
Davlatimiz rahbari mazkur uchta kompaniyada raqamlashtirishni jadallashtirish, rejalarni qayta koʻrib chiqib, iqtisodiy natijadorlikni oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.