Transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish – ulkan daromad manbai

0
88
marta koʻrilgan.
 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6 dekabr kuni “Navoiy” xalqaro intermodal logistika markazi faoliyatini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. 

Mamlakatimizda transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va tranzit yuk tashuvlarini koʻpaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xalqaro integratsiya jarayonlarini faollashtirish, xususan, mintaqada savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda mamlakatning transport-tranzit salohiyati muhim oʻrin tutadi. 

Shu maqsadda 2008 yili Navoiy shahri aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazi tashkil qilinib, Oʻzbekiston transport-tranzit salohiyatini yanada yuksaltirish hamda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazish yoʻlga qoʻyilgan edi. 

Ushbu logistika markaziga avvalboshdan barcha turdagi soliq imtiyozlari va bojxona preferensiyalari berildi. Yoʻldosh infratuzilma barpo etildi, boshqaruv “Korean Air” kompaniyasiga topshirildi. 

Biroq, markaz faoliyati tahlil qilinganda, shuncha qulaylik va imkoniyatlarga qaramay, terminal quvvatidan amalda toʻliq foydalanilmayotgani aniqlandi. Yiliga 100 ming tonna yuk oʻtkazish quvvatining 20 foizidan ham kamrogʻi ishga solinmoqda, xolos. Oʻtgan sakkiz yil davomida ushbu aeroport orqali 300 ming tonna yuk tashilgani buni yaqqol tasdiqlaydi. 

2017 yil yakuniga koʻra, terminalda umumiy yuk aylanmasi 2016 yildagiga nisbatan 11 foiz yoki 33 ming tonnagacha kamayishi prognoz qilinmoqda. 

Bunday holat yuzaga kelishiga bu sohaga bevosita masʼul boʻlgan ayrim mansabdor shaxslarning beparvoligi, masʼuliyatsizligi, ushbu markazni chuqur oʻylangan strategiya asosida rivojlantirmagani sabab boʻldi, dedi davlatimiz rahbari. Koʻp yillar mobaynida Navoiy aeroporti va logistika markazining noyobligi, jozibadorligi, boshqalardan ajralib turishi toʻgʻrisida balandparvoz gaplardan nariga oʻtilmadi. 

Statistik maʼlumotlarga koʻra, markazda kuniga oʻrtacha ikkita parvoz amalga oshirilmoqda. Bu esa ushbu logistika markazi va aeroport salohiyatidan foydalanish darajasi maqtovdan ancha yiroq ekanini koʻrsatadi. 

Ishni tashkil qilishga munosabatning qanchalar ayanchli holda boʻlganini shundan ham bilsa boʻladiki, hozirgi kungacha “Navoiy” logistika markazi obyektlarini foydalanishga topshirish boʻyicha davlat qabuli amalga oshirilmagan, deb qayd etdi Prezidentimiz. Markazdagi yoqilgʻi-moylash materiallarini saqlash sigʻimlari ham oxirigacha qurib bitkazilmagan. 

Vaholanki, xalqaro transport-tranzit sohasi, ayniqsa, havo transportida yuk tashish eng serdaromad sohalardan biridir. Misol uchun, Dubay xalqaro aeroporti yiliga 3 million tonnagacha yuk oʻtkazib, 26 milliard dollarga yaqin daromad topadi. Qozogʻiston Respublikasi Ostona shahrida bir yilda 1,5 million tonna yuk oʻtkazish quvvatiga ega boʻlgan logistika markazini tashkil qilishni rejalashtirayotgani ham shundan. “Navoiy” logistika markazini bunday xablar bilan solishtirib boʻlmaydi. Bu holatda raqobat qilish juda qiyin. 

Xorijiy yuk tashuvchilarni koʻp miqdorda va davomli jalb qilish ishni qanchalik unumli tashkil etishga bevosita bogʻliq. “Navoiy” logistika markazi faoliyatida, aksincha, qator tizimli muammolar mavjud. Xususan, havo transportida yuk tashishni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri tariflarning yuqoriligidir. 

Davlatimiz rahbari aviatashuvlarning tarif siyosatini qayta koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladi. 

Mazkur logistika markazi jozibadorligini oshirishda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi katta ahamiyatga ega boʻlishi kerak edi. Biroq, bu ham kutilgan natijani bermadi. Unda na yuqori qoʻshimcha qiymatli eksportbop tovarlar, na ichki bozor uchun xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. 

Xorijiy yuk tashuvchi subyektlar “Navoiy” logistika markazi imkoniyatlaridan foydalanishga qiziqish bildirmayapti. Buning asosiy sababi aviakerosin yetkazib berishda uzilishlar mavjudligidir. Bu turdagi yoqilgʻiga bugungi kunda haftalik ehtiyoj 950 tonna ekaniga qaramay, neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan atigi 600 tonna ajratilmoqda. 

Transport kompaniyalari tomonidan muvofiqlashtirish ishlari taʼminlanmagani sababli multimodal tashish ham rivojlanmay qolgan. Bojxona tartib-taomillari uzoq davom etishi va transport vositalari chegarada bekor turib qolishi oqibatida yuklarni yetkazib berish muddati choʻzilib ketmoqda. 

Mahalliy importchilarda ham oʻz yuklarini “Navoiy” xabi orqali qabul qilib olishga qiziqish yoʻq. Chunki infratuzilma talab darajasida rivojlantirilmagan. Import yuklarning aksariyati Toshkent aeroporti orqali kirib kelmoqda. 

Shulardan kelib chiqqan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev neft-gaz tarmogʻi mutasaddilariga milliy aviakompaniya va boshqa xorijiy yuk tashuvchilarning aviakerosinga ehtiyojini oʻz vaqtida va 100 foiz taʼminlash, haftalik yoqilgʻi yetkazib berishni oshirish, bunda jahon bozoridagi narx-navoni inobatga olib ish tutish yuzasidan topshiriqlar berdi. 

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasiga tegishli tashkilotlar bilan birgalikda amaldagi tariflarni qayta koʻrib chiqib, optimal tarzda pasaytirish, logistika markazlari tajribasini oʻrganish boʻyicha ishchi guruh tuzish vazifasi yuklandi. Milliy aviakompaniya Navoiy shahri aeroportiga dunyoning yetakchi yuk tashuvchi kompaniyalarini jalb qilish ishlarini yanada faollashtiradi, pochta yuklarini tashuvchi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik oʻrnatib, “Navoiy” xabida mintaqaviy pochta-aloqa vositalari tuzilmasini tashkil etish kabi choralarni oʻz ichiga olgan “yoʻl xarita”sini ishlab chiqadi. 

Shuningdek, bojxona organlari va samolyotda yuk tashuvchi tashkilotlar oʻrtasida elektron maʼlumot almashuvi tizimini yoʻlga qoʻyish, “Navoiy” logistika markazi faoliyatini tubdan takomillashtirish va boshqa masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.