Davlatimiz rahbari Toshkent shahrida “Yangi Oʻzbekiston” koʻchasi va 4R12 magistral yoʻli kesishuvida quriladigan yoʻl oʻtkazgich loyihasi bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda bu ikki yoʻlda qatnov ortdi. Boʻstonliq va Parkent tumanlariga borayotgan sayyohlar soni ham avvalgi yillarga qaraganda bir necha barobar koʻpaydi, hali yana oshadi. Shuningdek, bu kesishma kelajakda Yangi Toshkent shahriga olib boradigan asosiy yoʻl boʻladi.
Shularni inobatga olib, bu kesishmada transport bogʻlamasi qurish moʻljallangan. Loyihaga koʻra, bu yerda 1 ta koʻprik, 3 ta tunnel, 4 tadan aylanma va qoʻshimcha yoʻllar barpo etiladi. Bularning evaziga chorraha bironta ham svetoforsiz — “yashil chorraha” boʻladi. Bu qulaylik natijasida haydovchi va yoʻlovchilarning vaqti hozirgiga nisbatan 20-30 daqiqaga tejaladi, harakat xavfsizligi oshadi.
Prezidentimiz “Doʻstlik — Qoʻyliq” yerusti metrosi tagida qurilayotgan savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini ham koʻzdan kechirdi. Loyiha doirasida bu yerda 36 ta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi, sport va bolalar maydonchalari, avtoturargohlar barpo etiladi.
Mutasaddilarga bu yerda xavfsizlik choralari va nazoratini taʼminlash, Toshkent shahrida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.