Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Sluster” klasteri tomonidan bunyod etilgan sholini qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“TST Rice” nomli ushbu masʼuliyati cheklangan jamiyatda sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash boʻyicha toʻliq sanoat zanjiri yaratilgan. Oʻtgan yili 2,6 ming gektardan ortiq yerda “Lazurniy”, “Iskandar”, “Mustaqillik”, “Nukus” navlaridan moʻl hosil yetishtirilgan.
Aytish joizki, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq boʻlgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda koʻplab muammolarga duch kelinardi.
Prezidentimizning 2021 yil 2 fevraldagi “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroridan soʻng sohada sifat oʻzgarishlari boshlandi, samaradorlik oshdi.
“TST Rice” majmuasi joylashgan maydon ham ilgari tashlandiq joy edi. 27 milliard soʻmlikdan ziyod loyiha tufayli ushbu 6 gektar hududda zamonaviy majmua barpo etildi. U xirmon maydoni, umumiy sigʻimi 15 ming tonnalik 2 ta yopiq ombor, sholini tozalash va quritish sexi hamda qayta ishlash zavodini oʻz ichiga olgan.
Sholini tozalash va quritish sexi toʻrtta liniya bilan jihozlangan. Ularning har biri yordami bir smenada 120 tonna sholini quritish mumkin. Bu yerda boshqa dukkakli mahsulotlarni tozalash va quritish ham mumkin. Yana bir eʼtiborli jihati, mazkur sex koʻmirda ishlaydi.
Sholini qayta ishlash zavodi Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasi uskunalari bilan jihozlangan. Ular yordamida eng yuqori navdagi guruch mahsulotlari ishlab chiqariladi. Chunki “aqlli” uskunalar guruchni nafaqat katta-kichikligi, balki rangi boʻyicha ham saralaydi.
Hozirgi paytda zavod bir yilda 40 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega. Istiqbolda rejalashtirilgan ikkinchi bosqich ham ishga tushirilgach, korxona quvvati ikki barobarga ortadi.
Bu yerda zamonaviy laboratoriya ham bor. Bu yerda qabul qilinayotgan sholining namligi, quritish va qayta ishlash jarayonlari, shuningdek, guruch mahsulotlarining sifat koʻrsatkichlari doimiy nazorat qilib boriladi. “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida ish yuritayotgan sholichilik klasterida joriy yilda hosildorlikni 60 sentnerdan oshirish, xorijga 100 ming AQSH dollari miqdorida guruch eksport qilish rejalashtirilgan.
“TST Rice” korxonasida 365 nafar, umuman, klasterda 8 ming 750 nafar aholi ishlamoqda.
— Mana, inson huquqlari deymiz. Eng katta huquqlardan biri — ish bilan taʼminlanish. Bizning hamma harakatlarimiz shunga qaratilgan. Odamlarni ishli qilsak, aholi jon boshiga daromadni koʻpaytirsak, sotib olish qobiliyati oshsa, boshqa hamma huquqlar oʻzi joy-joyiga tushadi. Shuning uchun Toshkent viloyatini ishsizlik minimal darajada boʻlgan hududga aylantirmoqchimiz. Viloyatda buning uchun hamma sharoit bor, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Asosiy eʼtibor eksportni koʻpaytirish, yangi bozorlarni oʻzlashtirishga qaratilmoqda. Xususan, kelgusi yili guruch eksportini 500 ming AQSH dollariga yetkazish moʻljallangan. Bundan tashqari, “TST Sluster” klasterining 2021-2023 yillarga moʻljallangan toʻrt bosqichli loyihasi doirasida 114 million dollarlik tayyor toʻqimachilik va tikuvchilik mahsulotlari eksport qilinishi koʻzda tutilgan.
Shu yerda viloyat qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilikni rivojlantirish boʻyicha loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.