Tuman va shaharlardagi tadbirkorlik muhiti tanqidiy tahlil qilindi

0
80
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 24 sentyabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik – iqtisodiyotning oʻsish nuqtalaridan biri, aholi bandligini taʼminlashning katta manbai. Shu bois mamlakatimizda bu sohani rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentning farmon va qarorlari qabul qilinib, barcha zarur sharoitlar yaratib berildi. Endi hokimlar va sektor rahbarlari ishni toʻgʻri tashkil etib, yangi korxonalar ochilishi, ularning yashovchanligi, mahsulotlari hajmi, yaratilgan ish oʻrinlari boʻyicha natija qilishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy koʻrsatkichlar, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi oʻrganildi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “oʻrta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “oʻrta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.

Videoselektor yigʻilishida ushbu tahlillar asosida joylardagi muammolarni hal etish, koʻrsatkichlari nisbatan past boʻlgan hududlarga koʻmaklashish choralari muhokama qilindi.

Iqtisodiy kompleksga kiruvchi vazirlik va muassasalar “tadbirkorga xizmat qiluvchi” tashkilotga aylanishi zarurligi taʼkidlandi. “Qoniqarsiz” deb baholangan tuman va shaharlarning salohiyatini yuzaga chiqarish, “yaxshi” hududlarning tajribasini ommalashtirish muhimligi qayd etildi.

Misol uchun, Samarqand tumanida hududiy sanoat mahsulotlari hajmi 1,1 trillion soʻmni tashkil etib, aholi jon boshiga 4,5 million soʻmdan toʻgʻri kelgan. Bu Samarqand viloyatidagi eng yuqori koʻrsatkichdir. Shuningdek, 508 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, yangi ish oʻrinlarining 71 foizi kichik biznesda ochilgan. Mahalliy byudjet tushumlari soʻnggi uch yilda 2 baravar ortgan.

Shuningdek, Qamashi tumanida soʻnggi uch yilda 802 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, ishlamayotgan 132 ta korxona qayta tiklangan. Eksport hajmi oʻtgan yilgiga nisbatan 1,5 barobar oshgan.

Aksincha, Nukus, Baliqchi, Bekobod, Xovos, Baxmal, Mirzachoʻl, Yangiqoʻrgʻon, Shovot, Kasbi, Qumqoʻrgʻon, Uchtepa kabi tumanlardagi ahvol qoniqarsiz. Aslida ularda ham yetarlicha salohiyat va infratuzilma bor.

Masalan, Qumqoʻrgʻon tumani tadbirkorlik koʻrsatkichlari boʻyicha Surxondaryo viloyatida eng oxirgi oʻrinlardan birida. Lekin u yerda 124 ming gektar yaylov va 48 ming gektar oborotdan chiqqan yer bor. Ulardan samarali foydalanish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilmagan.

Bekobod tumanida ham kichik biznes ulushi respublikadagi eng soʻnggi oʻrinlardan birida. Tumanda yiliga 36 ming tonna paxta, 100 ming tonna don yetishtirilsa-da, qayta ishlanmaydi.

Mutasaddilarga “qoniqarsiz” deb baholangan tumanlarda muhandislik kommunikatsiyalarini yaxshilab, kichik sanoat zonasi tashkil etish, yaylovlarda chorvachilik, qorakoʻlchilik, yilqichilikni rivojlantirish, chegaraoldi savdo va xizmatlarni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.  

Yaxshi koʻrsatkichlarga erishgan tuman va shahar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari maoshiga 30 foiz ustama tayinlanib, ahvol qoniqarsiz boʻlgan hududlar rahbarlariga jarima qoʻllanishi aytib oʻtildi.

– Odamlarimiz turmushini yaxshilashga harakat qilmagan rahbar bir kun ham ishlamaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Qoniqarsiz” hamda “oʻrta” deb baholangan tuman va shaharlarda inqirozga qarshi boshqaruv tizimi joriy etilishi belgilandi. Yaʼni, ularga rahbarlik qilish istagini bildirgan har qanday talabgor hududni rivojlantirish dasturini mahalliy kengashlarda himoya qilishi mumkin. Xalq vakillarini ishontira olgan salohiyatli kishilar butun jamoasi bilan tumanga rahbar etib tayinlanadi.

– Hokimlarni xalq saylashi kerak. Shu kunlarga baribir kelamiz, – deya taʼkidladi Prezident.

Yigʻilishda yangi korxonalar tashkil etish, borlarini qoʻllab-quvvatlash masalalari koʻrib chiqildi. 

Joriy yilning 8 oyida 60 mingdan ziyod yangi kichik biznes subyektlari faoliyat boshladi. Ularning har biri oʻrtacha 38 million soʻm soliq tushumini taʼminlab, kamida 2 tadan ish oʻrni yaratmoqda. Lekin 31 mingdan ziyod korxona faoliyati haligacha tiklanmagan. Oʻz biznesini ochish harakatidagi insonlar ham juda koʻp.

Savdo-sanoat palatasi rahbarlari va Biznes-ombudsman joylarga chiqib, tadbirkorlik faoliyatini boshlashga xalaqit berayotgan muammolarni hal etishi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning tashabbuslarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashishi kerakligi taʼkidlandi.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish, banklar tomonidan mablagʻ berilgan, lekin xomashyo, energiya resursi yoki logistika kabi sabablarga koʻra toʻxtab qolgan loyihalarni ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi.  

Tijorat banklari tadbirkorlarning biznesdagi natijalariga qarab ularga “imtiyozli xizmatlar paketi”ni taklif qilishi muhimligi aytildi.

Maʼlumki, kichik biznes va mahalliy resurs soliqlari toʻliq hududlar ixtiyorida qoldirilmoqda. Yaʼni, hududlarning byudjet barqarorligi, rivojlanishi tadbirkorlik faoliyati bilan bevosita bogʻliq.

Masalan, Konimex tumanida mahalliy byudjetga soliq tushumlari joriy yilning 8 oyida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 141 foizga oshgan. Pandemiya davrida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 20 ta korxonaga soliq taʼtili berilishi natijasida 100 ta ish oʻrni saqlab qolingan.

Davlat soliq qoʻmitasiga barcha viloyatlarda ishni shunday tashkil etib, mahalliy byudjetlarni mustahkamlash yuzasidan koʻrsatma berildi.

Yigʻilishda bu yil kutilayotgan byudjet taqchilligini imkon qadar qisqartirish uchun qoʻshimcha tushumlarni taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Hududlarning soliq salohiyatini tahlil qilib, qoʻshimcha daromadlarni aniqlash, byudjet tashkilotlarining pullik xizmatlardan daromadlarini koʻpaytirish va bino-inshootlaridan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.

Oxirgi 4 yilda biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida koʻplab kichik korxonalar faoliyati kengaygan. Davlatimiz rahbari bunday intilishlarni ragʻbatlantirish, korxonalarni yiriklashishga undaydigan qulay muhit yaratish zarurligini taʼkidladi.

Shu maqsadda, tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyozlarni tabaqalashtirish kerak. Oʻrta biznes toifasiga kirishi mumkin boʻlgan korxonani aniqlab, Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan maqsadli mablagʻlar ajratish, mahsulotini sertifikatlash, ilm va innovatsiya xarajatlarini qisman qoplab berish kabi choralar orqali ularga koʻmaklashish muhimligi aytildi.

Videoselektor yigʻilishida soʻzga chiqqan hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirish, qoʻshimcha zaxiralarni ishga solishga doir rejalarini bayon qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.