Tuman va shaharlarning master rejalari yuzasidan axborot berildi

0
43
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari tuman va shaharlarning master rejalarini ishlab chiqishga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu haqda joriy yil 16 yanvarda boʻlib oʻtgan iqtisodiyotdagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida topshiriq berilgan edi. Mutasaddilar shu borada qilingan dastlabki ishlar, master rejalardan kutilayotgan natijalar toʻgʻrisida axborot berdi.

Oʻtgan vaqtda 14 ta tuman va shahar boʻyicha master reja ishlab chiqilgan. Ularda 759 ta koʻp qavatli uy-joy, 22 ta savdo majmuasi, 800 dan ziyod xizmat koʻrsatish obyekti barpo qilish imkoniyati aniqlangan.

Shu tarzda 112 ta tuman va shahardagi drayver yoʻnalishlar asosida yana 136 ta master reja tayyorlanishi koʻzda tutilgan.

Masalan, aholisi tez oʻsayotgan 38 ta tuman markazlari va shaharlarda yetarli uy-joylar qurish, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay maskanlar va istirohat bogʻlari barpo etish zarur.

Turistik salohiyati yuqori 20 ta tumanda mehmonxonalarni koʻpaytirish, plyaj, ekologik, tibbiyot, sport va ekstremal turizmni rivojlantirish orqali sayyohlar oqimini 2,5 karra oshirish imkoniyati bor.

Hududidan magistral yoʻllar oʻtgan 68 ta tumanda 400 dan ziyod motel, kemping, oshxona, doʻkon va avtoservislar tashkil etish mumkin.

Umuman, master-rejalar asosida boʻladigan loyihalar hisobiga  40 mingta ish oʻrni yaratilishi, byudjetga yiliga qoʻshimcha 350 milliard soʻm daromad tushishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari aholi uchun qulay infratuzilma, savdo va koʻngilochar joylar, yuqori daromadli ish oʻrinlari tashkil qilishni hozirdan boshlash lozimligini taʼkidladi.

Master rejalar ishlab chiqilishi va monitoringi boʻyicha vertikal tizim yaratish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.