Tumanlarda yengil sanoat korxonalari barpo etilmoqda

0
260
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanida bunyod etilayotgan Yengil sanoat va logistika markaziga bordi.

Bu majmua ham Prezident tashabbusining natijasi. Uchkoʻprikda tikuvchi ayollar, oilaviy korxona tashkil etgan, mahalladoshlarini ishli qilgan tadbirkorlar koʻp. Lekin ular moslashtirilgan sharoitlarda ishlar, bu biznesni kengaytirishga halal berar edi.

Davlatimiz rahbari viloyatga avvalgi tashrifi chogʻida tadbirkor ayollar bilan suhbatlashib, ular uchun zamonaviy majmua qurilishiga vaʼda bergan edi. Shu asosida, 2021 yil 27 may kuni “Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni, logistika va savdo tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilindi.

Bugungi kunda 15 gektar yer ajratilib, koʻp qavatli bino barpo etilmoqda. Bu yerda 316 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo doʻkoni, 560 ta savdo rastasi boʻladi. Shuningdek, 2 ta logistika markazi tashkil etiladi. Natijada Boboshbek, Bekmurod, Zigʻir, Paloxon va Yakkamulla kabi mahallalardagi yuzlab tadbirkorlarga zamonaviy qulaylik yaratiladi.

Masalan, birgina Boboshbek mahallasida 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ular tayyorlayotgan mahsulotlar Qoʻqon bozori orqali yurtimiz hududlari, qoʻshni mamlakatlargacha yetib bormoqda. Endi zamonaviy sharoitlar samarasida bu koʻlam yanada kengayadi.

Prezidentimiz bu yerda ish boshlagan tikuvchilik korxonalari faoliyati bilan tanishdi, tadbirkorlar va xaridorlarga yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. 

Majmuada yiliga 876 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 18 million dollarlik eksport qilinishi moʻljallangan. Jami 7 ming 700 dan ortiq fuqaro doimiy ish oʻrniga ega boʻlishi mumkin.

Qoʻshtepa tumanida ham yana bir toʻqimachilik korxonasi qurilmoqda. “Global textile infinity” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilayotgan bu fabrika yiliga 18 million metr yuqori sifatli mato hamda 2 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi.

Davlatimiz rahbari toʻqimachilikda qayta ishlash darajasini va mahsulotlar oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

— Bugun bozor beshafqat. Bu raqobatga munosib boʻlish uchun tadbirkorning kamida besh yillik moʻljali, sifat kafolati, tannarxda oʻzining rezervi boʻlishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.