Tumanlarda ishlab chiqarish koʻpaymoqda

0
75
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sayxunobod tumanidagi “Politeks Sirdaryo” paxta-toʻqimachilik klasteri korxonasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ilgari Sayxunobod tumanida sanoat umuman yoʻq edi, faqat paxta ekilardi. Qishloq xoʻjaligidagi yangilanishlar, klaster tizimi natijasida bu yerda ham sanoat paydo boʻldi. Hozir birgina paxtadan ip, kalava, mato, tayyor kiyimlar, chigitdan yogʻ, sovun, ozuqa va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Xususan, tumandagi “Politeks Sirdaryo” klasterining toʻqimachilik korxonasida ip-kalava ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Germaniya texnologiyasi keltirib oʻrnatilib, 700 ta ish oʻrni yaratilgan. Korxonaning yillik quvvati 7000 ming tonna boʻlib, joriy yilning oʻtgan davrida Xitoy, Turkiya va Bangladesh davlatlariga 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Shuningdek, klaster qoshida yiliga 30 ming tonna yogʻ-moy tayyorlaydigan korxona ham mavjud. Unda 100 nafar aholi bandligi taʼminlangan.

Davlatimiz rahbari “Politeks Sirdaryo” korxonasi ip-kalava ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, ishchilar bilan muloqot qildi.

Shu yerda Sirdaryo viloyati toʻqimachilik korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi. Bugungi kunda viloyatda 9 ta paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyat koʻrsatmoqda. Bu yil 268 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Uning yuz foizi hududning oʻzida qayta ishlanadi.

Prezidentimiz ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham suhbatlashdi.

Bugun Sirdaryoga kelishdan asosiy maqsadimiz – viloyatni aholisi toʻliq ish bilan taʼminlangan hududga aylantirish mezonlarini belgilash, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Birinchi mezon, Sirdaryo sharoitida, bu — yer. Klaster egalarining dunyoqarashi oʻzgaryapti, sifatga harakat qilyapti, daromadi oshyapti. Endi ular xalq manfaatiga xizmat qilishi kerak. Bu manfaat birinchi navbatda ish oʻrni. Masalan, aholiga dehqonchilik uchun yer ajratish orqali 100 ming ish oʻrni yaratish moʻljallanyapti. Ikkinchidan, bu yerlarga nima daromadli boʻlsa, shuni ekish boʻyicha erkinlik beriladi. Kim bozorni tushunib, koʻproq mehnat qilsa, naqd daromad oladi. Yana bir muhim tomoni, agar Sirdaryo viloyatida ishsizlikni tugata olsak, bu boshqa hududlar uchun namuna boʻladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.