Har yili xalqaro hamjamiyatga turli mamlakatlar va hududlar haqida rang-barang statistikalar, reytinglar taqdim qilinadi. Eng qimmat yoki arzon, xavfli yo xavfsiz mamlakatlar, boy yoki kambagʻal, baxtli yo baxtsiz shaharlar singari jadvallar koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Albatta, har qanday davlat ushbu jadvallarning ijobiy maʼnodagi yuqori pogʻonalaridan oʻrin olishga intiladi.
Chunki, bu pogʻonalar oʻsha mamlakat xalqining farovonligi, osoyishtaligidan, shu bilan birgalikda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy siyosatining toʻgʻri hamda barqaror ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, bunday reytinglardagi natijalar mamlakatga sayyohlar va investorlarning qiziqishlari oshishiga yoki aksincha boʻlishiga ham xizmat qilmasdan qolmaydi.
Soʻnggi yillarda yurtimiz ham koʻpgina xalqaro reytinglarda eʼtirof etildi. Xususan, Oʻzbekistonning Inson taraqqiyoti indeksidagi oʻrni 2017 yilda 189 mamlakat orasida 105-oʻrinda belgilangan boʻlsa, Iqtisodiy erkinlik koʻrsatgichi boʻyicha 2019 yil 140-oʻrinni egalladi. Quvonarlisi, Gallup, Inc. tomonidan anʼanaviy ravishda eʼlon qilinadigan World Happiness Report 2020 baxtli mamlakatlar reytingida Oʻzbekiston oldingi yilgi koʻrsatkichlardan uch pogʻona koʻtarilib, 153 ta mamlakat orasida 38-oʻrinni band etdi.
Afsuski, jahon miqyosida ushbu koʻrsatgichlarni oladigan boʻlsak, barchasi ham bunday quvonarli emas. Vaholangki, notoʻgʻri yoʻlga qoʻyilgan siyosiy boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mamlakatlarning inqiroziga, turli qora reytinglarda eʼtirof qilinishiga ham olib keladi. Masalan, dunyoning eng xavfli shaharlari roʻyxatida Meksika, Venesuyella, Kolumbiya, Braziliya va boshqa Markaziy hamda janubiy Amerika davlatlari sanab oʻtiladi va bu mamlakatlarning iqtisodiy ahvoli yoki siyosiy tizimi barqarorligi bugun ham kafolatlanmagan. Mutaxassislar davlatlarning xavflilik sabablarini oʻrganar ekan siyosiy, iqtisodiy, demografik, mentalitet kabi omillarni keltirishadi. Achinarlisi, tadqiqotchilar yer yuzida soʻnggi 20-25 yillikda jinoyatchilik 3-4 barobarga oshganligini, jinoyatlar esa ish topa olmayotgan yoshlar orasida koʻpayib borayotganligini taʼkidlashmoqda.
Ayniqsa, maʼmuriy, byurokratik muammolar – korrupsiya, lobbizm, yolgʻon hisobotlar aylanmasi singari illatlarni ham paydo qilib, natijada, koʻpchilik mamlakatlarda iqtisodiy depsinish, katta moliyaviy qarzdorlik kabi makroiqtisodiy tanazzullar ham uchramoqda.
Xoʻsh, bu koʻrsatgichlarning bizga qanday aloqasi boʻlishi mumkin? Aynan mana shu xalqaro tajribadan toʻgʻri xulosa chiqargan hukumatimiz, albatta, Prezidentimizning oqilona siyosati asosida oxirgi yillarda oʻziga xos qarorlar qabul qildi. Masalan, hududlarni kompleks rivojlantirish maqsadida, ayrim muammolar toʻplanib qolgan hududlarning ekstensiv rivoji uchun maʼmuriy tuzilishiga ham jiddiy yangiliklar kiritildi. 2017 yil 3 noyabrdagi Prezidentimiz qarori asosida Toshkent viloyati negizida Toshkent tumani, viloyatga boʻysunuvchi Ohangaron, Yangiyoʻl, Nurafshon shaharlari, 2019 yil esa Surxondaryoda Bandixon, Qoraqalpogʻiston Respublikasida Boʻzatov tumanining tashkil etilishi bunga misol boʻla oladi.
Bu masalada bizning Xorazm viloyatimizda ham uzoq yillar mobaynida qiynab kelayotgan, hal qilinishi uchun ulkan siyosiy iroda va tashabbus talab qilinayotgan muammomiz bor edi. Hazorasp tumanining chekka hududi sanalgan Tuproqqalʼa, Sarimoy posyolkalari va Pitnak shahri, yuqorida taʼkidlaganimizdek notoʻgʻri tashkil qilingan maʼmuriy boshqaruv, toʻgʻri yondashilmagan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida asta-sekinlik bilan oʻzining infratuzilmasidan mahrum boʻlayotgandi. Yaroqsizlanib borayotgan logistika, kanalizatsiya tuzilmalari nafaqat hududning, balki mamlakatimizning ham urbanizatsiya jarayoniga nihoyatda ogʻir yuk boʻlib qolgandi. Aytish lozimki, oxirgi yillarda bu hududda erkin iqtisodiy zonaning tashkil etilishi, investitsiya kiritilishiga davlat darajasida eʼtibor qaratilishi bir muncha jonlanishga turtki boʻldi.
Ammo, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12-13 mart kunlari viloyatimizga tashrifi davomida bergan taklifi natijasida, 11 aprel kuni qabul qilingan “Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqalʼa tumanini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va qaror natijasida markazi Pitnak shahri boʻlgan Tuproqqala tumanining tashkil qilinishi avvalo tarixiy haqiqatning qaror topishini taʼminlagan boʻlsa, ikkinchidan, vohaning iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini bartaraf etishda katta qadam boʻldi.
Keling, soʻzlarimizni misollar bilan ham tasdiqlab borsak. Birinchidan, tarixiy haqiqatning qaror topishi borasida — Xorazm Maʼmun akademiyasi tadqiqotchilarining arxeologik izlanishlari natijasida bu hududdan Xorazm vohasining eng qadimgi shahar harobasi sanalgan Xumbuztepa topilgan boʻlib, topilma yoshi miloddan oldingi VIII asrga borib taqaladi. Haroba bundan salkam uch ming yil oldingi hunarmandchilik markazi qoldiqi sanalib, oʻz davrida vohani kulolchilik mahsulotlari bilan taʼminlagan ulkan markaz hisoblangan. Qadimda bunday katta koʻlamdagi ishlab chiqarish mexanizmining mavjudligi bu mexanizmni ishlata oladigan hokimiyatning ham boʻlishini taqozo etar edi. Demak, Tuproqqalʼaning tuman sifatida alohida birlik boʻlishi bu yerdagi shaharsozlik va davlatchilikning tarixiy tadriji samarasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Ikkinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimi ekanligini quyidagi misollarda koʻrishimiz mumkin. Bugun(quyidagi barcha raqamlar 2020 yil 1 yanvar holatiga koʻra) Tuproqqalʼa tumanida 52 ming aholi istiqomat qiladi. Bu uning oldingi maʼmuriy hududi sanalgan Hazorasp tumanidan 4 barobar kam degani. Hududda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari ham xuddi shunday. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yer esa Hazorasp tumaniga nisbatan 2.5 barobar koʻp. Shunday boʻlsada, Tuproqqalʼa tumanida ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari Hazorasp tumanidagiga nisbatan 10 barobar, xalq isteʼmol mollari 20 barobar koʻp qiymatni tashkil qiladi.
Tuproqqalʼadagi korxonalar tomonidan bir yilda 4,1 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan boʻlsa, Hazorasp tumani 0,9 mln dollarlik mahsulot eksport qilgan, xolos. Vaholangki, Hazorasp tumani 125 mln dollarlik, Tuproqqalʼa esa 5 mln dollarlik import amaliyotini bajargan. Umumiy kapital qoʻyilmalarning 63%i Hazorasp tumaniga yoʻnaltirilgan boʻlsa, 37 %i Tuproqqalʼa hududiga toʻgʻri keladi.
Endi bu maʼlumotlarga boshqacha nuqtai nazar bilan qaraylik. Koʻrib turganingizdek, barcha iqtisodiy koʻrsatgichlar boʻyicha Tuproqqalʼa tumani Hazorasp tumaniga nisbatan ilgʻor, yashovchan va salohiyatli. Ammo, shunday imkoniyatlar va iqtisodiy barqaror mintaqada infratuzilma ahvoli qoniqarsiz. Nafaqat tumanning, balki viloyatning iqtisodiy lokomativi boʻlishga loyiq hududda bitta ham tijorat banki yoki sugʻurta kompaniyasini uchratmaysiz. Xizmat koʻrsatish obyektlarining atigi 10%igina Tuproqqalʼa hududida joylashgan. Hududda oilaviy poliklinika umuman yoʻq. Aytingchi, qaysi iqtisodiy taraqqiy etgan mintaqada bunday holatni koʻrish mumkin? Xech qaysi!
Endi-chi? Tuproqqalʼa tumani tashkil etilgach, birinchidan, tuman mahalliy byudjetga ega boʻladi va ushbu byudjetni oʻz harajatlari va ehtiyojlaridan kelib chiqib tasarruf qilish huquqini qoʻlga kiritadi. Ikkinchidan, asosiy sanoat zonasidan ayrilgan Hazorasp tumani uchun yangi imkoniyatlar izlash faqat va faqat rivojlanishga xizmat qiladi. Uchinchidan, Xorazm viloyatining urbanizatsiya jarayonida yangi sanoatlashgan shaharning, hududning paydo boʻlishi mintaqa rivojiga ham katta taʼsir koʻrsatadi. Toʻrtinchidan, Tuproqqalʼa hududidagi aholining ham iqtisodiy ahvoli, turmush tarzi yaxshilanadi.
Albatta, qarorlar, farmonlar qabul qilgan bilan, bir hududga yangi nom-u yangi muhr bergan bilan holva bitib qolmaydi. Har qanday taraqqiyotning ham, tanazzulning ham tag zamirida inson omili asosiy oʻrin egallaydi. Baayni, Tuproqqalʼa ahli ham barcha davrlardagi singari, butun oʻzbek xalqi kabi oʻzining mehnatsevarligi, bunyodkorligi, yangi marralarni zabt etishga boʻlgan tuganmas ishtiyoqi bilan viloyatimizning gullab-yashnashiga, vohamiz jahonning barcha nuqtalaridan sayyohlar — u tadbirkorlar intiladigan zamin boʻlishiga oʻzining ulkan xizmatini qoʻshishiga ishonamiz. Ishonganimizdek, kelajakda albatta, Tuproqqalʼa bunyodkor xalqimiz qudratining oʻziga xos shahodatnomasi boʻladi.
B.Abdirimov, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari